Ayni paytda respublika hududiga sifat va xavfsizlik standartlariga javob bermaydigan maishiy pirotexnika vositalari kirib kelishining oldini olish yo`nalishida bojxonachilar tomonidan doimiy tezkor tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo`l chegara-bojxona postida Davlat xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo`mita xodimlari bilan hamkorlikda respublikamizga qo`shni davlatdan kirib kelgan yuk poezdi vagonlarini bojxona ko`rigidan o`tkazish davomida yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishi oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida vagonlarga yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida umuman qayd etilmagan 822 kilogramm og`irlikdagi pirotexnika vositalari ortilganligi ma`lum bo`ldi.
Go`yoki egasiz tarzida olib kirishga urinilgan 6 nomdagi 16 ming 448 dona pirotexnika vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 164 million so`mdan oshmoqda.


Bundan tashqari ushbu vagonda 13 nomdagi 1 ming 300 donadan ortiq sifati kafolatlanmagan dori-darmonlar hamda 15 nomdagi 497 dona parfyumeriya vositalari ham noqonuniy ravishda olib kirilayotganligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.






