AsosiyJamiyat

Samarqandda 38 nafar yurtdoshimizga “Mahalla iftixori” ko`krak nishoni topshirildi

'Samarqandda 38 nafar yurtdoshimizga “Mahalla iftixori” ko`krak nishoni topshirildi'ning rasmi

Samarqandda 38 nafar fidoyi yurtdoshimizga “Mahalla iftixori” ko`krak nishoni topshirildi, deb xabar berdi O`zA.

Prezidentimizning 2017 yil 13 iyuldagi “Mahalla iftixori” ko`krak nishonini ta`sis etish to`g`risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur mukofot jamiyat hayotida fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining o`rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlash, millatlararo do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g`oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdek ezgu ishga munosib hissa qo`shib kelayotgan faol, tashabbuskor yurtdoshlarimizni rag`batlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Samarqand viloyatida bugungi kunda 1100 ga yaqin mahalla fuqarolar yig`ini faoliyat ko`rsatmoqda. Aholini ijtimoiy muhofaza qilish va ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, mahallani obod maskanga, tadbirkorlik markaziga aylantirish, yoshlar manfaatini himoyalashda mazkur tuzilmaning o`rni yil sayin oshib bormoqda. Ayniqsa, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o`rnatishda mahalla fuqarolar yig`inlari muhim rol o`ynamoqda. Keyingi yillarda yurtimizda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini yanada kuchaytirish borasidagi islohotlar natijasida mahalla fuqarolar yig`ini raisining vakolat muddati uch yil etib belgilandi. Bu haqda Konstitusiyaga ham tegishli o`zgartish kiritildi.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov “Mahalla iftixori” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan fuqarolarni tabriklab, ularga mukofotni tantanali topshirdi.

– Viloyatimizning bir guruh faollari qatorida birinchilardan bo`lib ushbu nishon bilan taqdirlanganimdan xursandman, – deydi Kattaqo`rg`on shahridagi “Qo`shhovuz” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Saboat Ne`matova. – 1800 dan ortiq mahalladoshlarimning menga bildirgan yuksak ishonchi tufayli besh yildan buyon mahallaga boshchilik qilib kelaman. 410 ga yaqin xonadon ahli bilan bir oiladek inoqligimiz, hamjihatlikda ishlashimiz tufayli keyingi 3 yilda hududda birorta jinoyat sodir etilmadi, oilaviy ajrimlar bo`lmadi. Shu bois, bu nishonni butun mahallamiz ahliga berilgan mukofot deb qabul qildim.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi raisi T.Norboeva ishtirok etdi.

8.JPG

13.JPG

21.JPG

    Boshqa yangiliklar