Joriy shu yilning 1 oktyabridan 1 dekabrigacha Adliya vazirligi tomonidan bir qator xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda yurtimizda ilk bor “Biz korrupsiyaga qarshimiz” megatanlovi tashkil etilgan edi.
Megatanlov 4 ta nominasiya, ya`ni “Eng yaxshi jurnalistik material”, “Eng yaxshi blogpost”, “Eng yaxshi ijtimoiy rolik”, “Eng yaxshi insho” yo`nalishlaridan iborat edi.
Ikki oy davom etgan mazkur tanlovda ishtirok etish uchun 56 ta jurnalistik material, 89 ta blogpost, 8 ta ijtimoiy rolik taqdim etilib, materiallar hakamlar hay`ati tomonidan tanlov nizomida belgilangan mezonlar asosida ko`rib chiqildi va baholandi.
Shuningdek, tanlovga taqdim etilgan materiallarning eng saralari ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borildi. Bu ham tanlov haqida keng jamoatchilik fikrini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Xususan, megatanlov doirasida maktab, kollej va oliy o`quv yurtlari talabalari uchun tashkil etilgan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusidagi insholar tanlovida 22 mingdan ortiq yoshlarimiz ishtirok etganligi fikrimizning yaqqol tasdig`idir.
Ma`lumki, har bir jinoyat, korrupsiyaning zamirida bilimsizlik, qonunlar va qonunlar bilan taqdim etilgan huquqlarni bilmaslik yotadi.
Adliya vazirligi tomonidan yoshlarga qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini etkazish, ularda Konstitusiya va qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish hamda qonunchilikdagi yangiliklar bilan doimiy tanishib boradigan bilimdon fuqarolarni rag`batlantirish maqsadida yana bir tanlov tashkil etilganligi alohida diqqatga sazovor.
Malayziyaga ikki kishilik yo`llanmani qo`lga kiritish imkonini beruvchi mazkur tanlovda 15 ming 368 nafar ishtirokchining faol qatnashgani ham uning fuqarolar orasida katta qiziqish bilan kutib olinganidan dalolat beradi.
Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi. Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qog`ozdan farqi qolmaydi.
Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Huquqingni bil va talab qil” aksiyasinig asosiy maqsadi ham fuqarolarimizga qonunlarimizda belgilangan huquqlarini ruyobga chiqarishda amaliy ko`mak berishdir.
Davom etayotgan ushbu aksiya doirasida hozirgi kunga qadar adliya organlari tomonidan 171 nafar fuqarolarimizning buzilgan huquqlarini tiklashda amaliy yordam ko`rsatildi. Bundan tashqari tegishli tashkilotlardan fuqarolar foydasiga 500 mln. so`mga yaqin mablag`ni undirish bo`yicha sudlarga da`vo arizalari kiritildi.
2018 yil 6 dekabr kuni Toshkent shahrida yuqorida nomlari qayd etilgan tanlov g`oliblarini taqdirlash bo`yicha tadbir tashkil etildi.
Tadbirda qator vazirlik, idoralar, xorijiy davlatlarning va xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi elchixonalari va vakolatxonalari vakillari hamda tanlov g`oliblari ishtirok etishdi.
Tanlov g`oliblariga Apple iPhone X, Samsung Galaxsy S9 smartfonlari noutbuk va televizor kabi qimmatbaho sovg`alar taqdim etildi.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi insho” yo`nalishida g`olib bo`lgan ishtirokchi tahsil olayotgan Namangan viloyati Chust tumanidagi 3-maktab moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida, ushbu maktabga 10 mln. so`m miqdorida mablag` taqdim etildi.
Tadbirda so`zga chiqqanlar bu kabi tanlovlarning yurtimizda asosiy maqsad – qonun ustuvorligini ta`minlash va aholi manfaatlarini ximoya qilishda muhim o`rin tutishini alohida qayd etib o`tishdi.






