Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta`minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan nazorat tadbirlari o`tkazildi.
Mahkama matbuot xizmati xabariga ko`ra, «Qo`ng`irot un zavodi» AJ tomonidan shartnomaviy munosabatlar asosida ishlab chiqarish uchun qabul qilib olingan jami 1700 tonna sholi mahsuloti moddiy javobgarlik shartnomasi asosida B.A.ning javobgarligiga berilib, Qonliko`l tumani, «Jayxun» OFY hududida joylashgan, jamiyatga ijara shartnomasi asosida foydalanishga olingan omborga joylashtirilgan.
«O`zdonmahsulot» AK boshqaruv raisi buyrug`iga asosan B.A.ning javobgarligidagi sholining kirim va chiqimi inventarizasiyadan o`tkazilganida 1 mlrd. 177 mln. 141 ming 861 so`mlik 817 ming 902 kg. sholi mahsulotlari kamomadi aniqlandi.
"Mazkur holat yuzasidan Inspeksiyaning Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda", - deyiladi xabarda.






