AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash tizimi tubdan takomillashtiriladi

'Sog`liqni saqlash tizimi tubdan takomillashtiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar sog`liqni saqlash tizimini isloh qilishning eng muhim yo`nalishlari deb belgilandi:

  • sog`liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni uni unifikasiyalash hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mas`uliyati va himoyalanganligini kuchaytirishga qaratilgan to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qiluvchi qonunlarni qabul qilish orqali takomillashtirish;
  • jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etishni ta`minlaydigan zamonaviy boshqaruv tizimini va hududlarda sog`liqni saqlashni tashkil etishning “klaster” modelini shakllantirish, tibbiyot va farmasevtika muassasalarini akkreditasiya qilish, shifokorlik va farmasevtik faoliyatni lisenziyalash tizimini joriy etish;
  • tibbiyot sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo`yicha “har bir davolangan holat” uchun to`lash tizimini hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, majburiy tibbiy sug`urtani bosqichma-bosqich joriy etish;
  • tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, shuningdek, tibbiy standartlashtirish tizimini shakllantirish, tashxis qo`yish va davolashning yuqori texnologik usullarini joriy etish, patronaj xizmati va dispanserizasiyaning samarali modellarini yaratish orqali sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va kasalliklarni profilaktika qilish;
  • tibbiy genetikani, ayollar va bolalarga shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish asosida, zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish, “Ona va bola” hududiy ko`p tarmoqli tibbiyot majmualari va ma`lumotlar tizimlarini shakllantirish asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;
  • xususiy sog`liqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sog`liqni saqlash sohasiga investisiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;
  • farmasevtika tarmog`ini yanada rivojlantirish, narx shakllanishi mexanizmlarini takomillashtirish, dori vositalari, tibbiy texnika va buyumlar ishlab chiqarish hajmi va turlarini kengaytirish;
  • tibbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, tibbiyot fanini rivojlantirish, shu jumladan, tibbiyot ilmiy va ta`lim muassasalarini xalqaro standartlar bo`yicha sertifikatlashtirish (akkreditasiyadan o`tkazish) zamonaviy ta`lim dasturlari, usul va texnologiyalarini joriy etish asosida;
  • “elektron sog`liqni saqlash” tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integrasiyalashgan axborot tizimlari va ma`lumotlar bazasi majmuasini yaratish.

Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2019–2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi;
  • 2019–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi.
  • Vazirlik va idoralar rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida, to`liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekani belgilab qo`yildi.

Farmonga ko`ra:

  • 2019 yil 1 apreldan boshlab respublikaning ayrim tumanlarida tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik-xarajat guruhlari bo`yicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimi(moliyalashtirishning yangi mexanizmlari) eksperiment tartibida joriy etiladi;
  • eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmlari 2020 yil 1 apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etiladi;
  • 2019 yil 1 iyuldan boshlab viloyat va tuman (shahar) darajasidagi stasionar sog`liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pullik asosda amalga oshiriladi;
  • 2019 yil 1 iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalari ishlab chiqilgan investisiya loyihalari asosida belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi;
  • 2021 yil 1 yanvardan boshlab O`zbekistonda majburiy tibbiy sug`urtalash bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Farmonga ko`ra, 2019 yil 1 iyulga qadar “Majburiy tibbiy sug`urtalash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

Farmon bilan sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha ishchi komissiya tashkil etildi va uning tarkibi tasdiqlandi.

Konsepsiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda sifatli ishlab chiqish va kiritish hamda amaliy choralar ko`rilishini tashkil qilish Ishchi komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shuningdek, Farmon bilan Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilishi belgilandi.

Keksalar, nogironligi bo`lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga ko`rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, shuningdek muhtoj shaxslarni protez-ortopedik buyumlar va reabilitasiya texnik vositalari bilan ta`minlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlaridan hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar