Samarqand shahridagi Yoshlar markazida qishloq xo`jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o`tkazilgan tantanali marosimda viloyat qishloq va suv xo`jaligi sohalari ilg`orlari, viloyat, tuman, shahar sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston qishloq xo`jaligi xodimlariga tabrigini Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov o`qib eshittirdi.

Shundan so`ng davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo`shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to`g`risida”gi farmoniga ko`ra, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlangan besh nafar samarqandlik soha xodimlariga davlat mukofotlari tantanali topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Marosimda viloyat qishloq xo`jaligi sohasi vakillaridan bir guruhiga “Qishloq xo`jaligi fidoyisi” ko`krak nishoni, respublika suv xo`jaligi vazirligi va Samarqand viloyati hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg`alari berildi. Tuman hokimlarining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosarlariga esa yangi xizmat mashinalari topshirildi.
Ma`lumot uchun: Samarqand viloyati qishloq xo`jaligi xodimlari joriy yilda 129 ming 508 tonna paxta, 305 ming tonnadan ortiq boshoqli don, 2 ming 241 tonna pilla xomashyosi, 492 ming 300 tonna kartoshka, 1,5 million tonna poliz-sabzavot, 771,5 ming tonna meva va uzum etishtirdi.






