O`zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan yo`lga qo`yilgan xalqaro yo`nalishlardagi avtobuslar qatnovi yana bittaga ko`paydi. Bugun Qozog`istonning Turkiston shahridan yo`lga chiqqan avtobus Toshkent avtovokzaliga etib keldi.
“Turkiston – Toshkent – Turkiston” xalqaro avtobus yo`nalishi masofasi 335 km bo`lib, yo`nalishga sarflanadigan vaqt 6 soat 40 daqiqani tashkil etadi. Yo`nalishning harakat jadvali bo`yicha Qozog`iston Respublikasining “Jibek joli” va O`zbekiston Respublikasining “G`isht ko`prik” chegara maskanlari orqali o`tiladi. Mazkur xalqaro avtobus yo`nalishida O`zbekiston tomondan “Uzavtotrans servis” MChJ va Qozog`iston Respublikasi tomonidan “Baqdaulet Servis” kompaiyasi faoliyat ko`rsatadi.
Ushbu yo`nalishda qatnovlarni har kuni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yo`nalish bo`yicha yo`l kira xaqqi tarifi O`zbekiston Respublikasi pul birligida 50 000 so`m, Qozog`iston pul birligida 2000 tenge etib belgilangan.
Ayni damda O`zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan yo`lga qo`yilgan xalqaro avtobus yo`nalishlarda Avtobuslar harakati jadvaliga rioya etish maqsadida chegara va bojxona nazorat punktlaridan o`tish jarayoni ustuvor tartibda amalga oshiriladi. Bu esa yo`lovchilar uchun muhim va ahamiyatli hollardan biridir. Yo`lovchilar chegara va bojxona nazorat punkti tekshiruvidan o`tish uchun 30 daqiqadan vaqt ajratilgan.
Yo`nalishga chiqayotgan har bir avtobus jiddiy texnik ko`rikdan, haydovchilar esa tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Avtobuslarning sanitar holati ham nazorat ostida. Qolaversa, ushbu avtobuslar GPS navigasiya tizimi bilan jihozlangan bo`lib, bu avtotransport vositasini to`liq nazorat etish imkonini beradi. Mazkur yo`nalishlarda eng so`nggi rusmdagi zamonaviy avtobuslarda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatilmoqda.
Shunday qilib, qo`shni Qozog`iston Respublikasiga yo`lga qo`yilgan muntazam xalqaro avtobus yo`nalishlari soni 6 taga etdi. Bular, “Toshkent- Chimkent” (yanvar oyidan), “Toshkent- Olmaota”(aprel oyidan), “Toshkent- Qizilo`rda”(iyul oyidan), “Nukus- Ushkunur”(avgust oyidan), “Chirchiq- Ushkunur”(14 noyabrdan) yo`nalishlarida amalga oshirilmoqda.






