AsosiyJamiyat

O`zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy yo`llar tashkil etiladi

'O`zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy yo`llar tashkil etiladi'ning rasmi

Hukumat qarori bilan Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash va zamonaviy yo`l infratuzilmasini tashkil etish sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish tartibi to`g`risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik loyihasi tashabbusi davlat tomonidan yoki xususiy sherik tomonidan chiqishi mumkin.

Tanlov o`tkazish uchun sherik huzurida kamida etti kishidan iborat Tanlov komissiyasi tashkil etiladi, uning tarkibiga mutasaddi tashkilot vakillari jalb etiladi.

Davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarda ishtirok etish xohishini bildirgan yuridik shaxs Tanlov komissiyasiga ariza beradi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

  • davlat ro`yxatidan o`tkazilganlik to`g`risidagi guvohnomaning yoki boshqa hujjatning nusxasi;
  • loyihani amalga oshirish uchun moliyaviy imkoniyatlar mavjudligini tasdiqlaydigan ma`lumotlar;
  • investisiya loyihasi;
  • investisiya loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlari;
  • majburiy yig`im to`langanligini tasdiqlaydigan hujjat.

Ariza o`n kun mobaynida ko`rib chiqiladi va Tanlov komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

  • tanlov e`lon qilish to`g`risida;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishni rad etish to`g`risida;
  • talablar buzilishini bartaraf etish uchun arizani qaytarish to`g`risida.

    Boshqa yangiliklar