Bugun, 10 dekabr kuni O`zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom tafakkuri” jurnalining taqdimot marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Taqdimot marosimida ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 aprelda “Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni mamlakatimizda yil davomida birin-ketin sodir bo`lgan muhim hodisalar rivojini boshlab berdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyunda qabul qilingan 466-sonli qarorida O`zbekiston xalqaro islom akademiyasining muhim vazifalardan biri islomiy ma`rifat g`oyalarini targ`ib etish, deb ta`kidlangani “Islom tafakkuri” diniy-ma`rifiy, ilmiy-ommabop jurnalining nashr etilishiga sabab bo`ldi.
“Islom tafakkuri” jurnali diniy-ma`rifiy, ilmiy-ommabop nashr hisoblanib, yil mobaynida to`rt marta o`zbek, rus, ingliz va arab tilida, A 4 formatda, 96 bet hajmda, to`liq rangli shaklda chop etiladi.
Jurnalda “Qur`onshunoslik”, “Lug`atshunoslik”, “Mumtoz filologiya”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” ruknlari ostida ulamolar, professor-o`qituvchilar, tadqiqotchilar, mutaxassislarning ilmiy-ommabop maqolalari, tadqiqot natijalari va qiziqarli ma`lumotlar bilan tanishtirib boradi.
Jurnal O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasining dissertasiyalar uchun chop etish tavsiya etilgan nashrlar ro`yxatiga kiritilgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi hamda O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi muassisligida chop etiladigan nashrga O`zbekiston xalqaro islom akademiyasining rektori, professor Shuhrat Yovqochev bosh muharrir etib tayinlangan.
Jurnalning ilk sonida chop etilgan materiallar, qutlov so`zlari, zamonamizning zabardast olimlari, din ulamolari tomonidan yozilgan teran maqolalar, tadqiqotlardan namunalar o`quvchini befarq qoldirmaydi.






