AsosiyDunyo

Italiya prokuraturasi mafiyaning korrupsiyada ayblanayotgan 13 nafar a`zosini hibsga oldi

Italiya huquqni muhofaza qilish organlari 28 oktyabr, seshanba kuni mamlakatning Kalabriya hududidan bo`lgan Ndrangeta nomli kuchli mafiya tashkilotiga qarshi kurash operasiyasini o`tkazdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.

Mafiyaga qarshi kurash bo`yicha Milan prokuraturasining ma`lum qilishicha, 28 oktyabr kuni tongda polisiyachilar tomonidan Lombardiya va Kalabriya hududida 13 kishi qo`lga olinib, ularga ko`plab og`ir jinoyatlar, xususan, tashkillashtirilgan jinoyat, moliyaviy firibgarlik, qurollarni noqonuniy olib yurish, shantaj singari jinoyatlarni amalga oshirganlik ayblovi qo`yildi.

Ndrangeta tashkilot a`zolari 2015 yil 1 maydan 31 oktyabrga qadar Milanda o`tkaziladigan «Ekspo-2015» butunjahon ko`rgazmasi ob`ektlari qurilishida faol ishtirok etmoqda.

«Ekspo-2015» butunjahon ko`rgazmasi hozirga qadar bir necha yirik korrupsiyaviy janjalga sabab bo`ldi. Jumladan, may oyida huquqni muhofaza qilish organlari mazkur yirik loyiha rahbarlaridan biri bo`lgan «Ekspo-2015» xarajatlari va ko`rgazmani rejalashtirish direktori Anjelo Parisni qo`lga oldi. Sentyabrda esa butunjahon ko`rgazmasini tayyorlash va o`tkazish noziri o`rinbosari Antoni Acherbo ham hibsga olindi. U «Ekspo-2015»da Italiya pavilonlarini qurishga mas`ul bo`lgan.

Ma`lumot uchun, hozirga qadar dunyoning 147 mamlakati «Sayyorani oziqlantirish. Hayot uchun quvvat» shiori ostida o`tkaziladigan mazkur ko`rgazmada ishtirok etish istagini bildirgan. Tadbirga 20 milliondan ziyod kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar