AsosiySiyosat

Vladimir Norov: O`zbekiston tashabbuslari ShHT faoliyatida yangi imkoniyatlar ochadi

'Vladimir Norov: O`zbekiston tashabbuslari ShHT faoliyatida yangi imkoniyatlar ochadi'ning rasmi

ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov mas`uliyatli yangi lavozimidagi faoliyati, Tashkilotga a`zo davlatlar o`rtasida ko`p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilajak sa`y-harakatlar haqida O`zA muxbiriga intervyu berdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuv chog`ida bildirilgan takliflar Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi sifatidagi kelgusi uch yillik faoliyatim uchun juda muhim. Davlatimiz rahbari men O`zbekistonning ShHTdek nufuzli tashkilotning mas`uliyatli lavozimiga tayinlangan birinchi vakili ekanimni alohida ta`kidladi. Bu ishonch menga Sindaoda ShHTga a`zo boshqa davlatlar rahbarlari tomonidan ham bildirildi. Kelgusida o`z bilim va tajribamni ushbu ishonchni oqlashga, a`zo davlatlar manfaatlarini himoya qilishga qarataman.

Bosh kotib sifatida ShHT faoliyatida erishilgan an`analarga, tashkilot Xartiyasi va Shanxay ruhiga rioya qilish, a`zo davlatlar o`rtasida ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga yo`naltirilgan konseptual hujjatlarni hayotga joriy etish faoliyatimning asosiy tamoyiliga aylanadi.

2018 yildan Hindiston va Pokiston ShHTda teng huquqli a`zo sifatida ishtirok eta boshladi. Ushbu davlatlarga qabul qilingan hujjatlar va ShHTning 30 ga yaqin ishchi organi faoliyatiga qo`shilishga ko`maklashish Kotibiyatning muhim vazifasi hisoblanadi. Chunki ushbu yangi a`zolar Shanxay hamkorlik tashkilotining nufuzini yanada oshirishda katta rol o`ynaydi.

Bugungi kunda Afg`onistonda tinchlik va barqarorlik o`rnatish nafaqat ShHT makonida, balki Markaziy Osiyoda xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta`minlashda muhim omillardan. Prezidentimiz shu bois “ShHT – Afg`oniston” muloqot guruhi faoliyatini rivojlantirish, bu borada a`zo davlatlar bilan maxsus “Yo`l xaritasi” ishlab chiqish zarurligini ta`kidladi. Pekinga borganimdan so`ng ShHT kotibiyati va a`zo davlatlar muvofiqlashtiruvchilari bilan birga ushbu hujjatni ishlab chiqamiz.

O`zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo`shma murojaatini ro`yobga chiqarish, xavfsizlik sohasida Toshkentda joylashgan ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan muvofiqlashtirilgan tadbirlarni o`tkazishga e`tibor qaratamiz.

Bugungi kunda ShHT makonida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik rivojlanmoqda, ammo ko`p tomonlama investisiyaviy dasturlar hanuzgacha amalga oshirilmagan. Prezidentimiz Sindao sammitida bu masalaga ham e`tibor qaratgan edi. Ushbu taklif davlatlar rahbarlari tomonidan qo`llab-quvvatlandi. Endilikda uni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mexanizmlarni shakllantirish va undan samarali foydalanish talab etiladi.

Uchrashuvda transport kommunikasiyalarini rivojlantirish, logistika markazlari tuzish, savdo-iqtisodiy hamkorlikka to`sqinlik qiladigan ortiqcha tarif va standartlarni engillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. A`zo davlatlar mintaqalari o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, qo`shma klasterlar tashkil etish, fitosanitar sohasida umumiy standartlarni qabul qilish va “yashil koridor”larni rivojlantirish masalalariga e`tibor qaratildi. O`ylaymanki, bu boradagi tashabbuslarning ro`yobga chiqishi ShHT faoliyatida yanada yangi imkoniyatlarni ochadi.

    Boshqa yangiliklar