AsosiyJamiyat

2019 yilda O`zbekistonda internet tezligi oshadimi?

'2019 yilda O`zbekistonda internet tezligi oshadimi?'ning rasmi

2019 yilda O`zbekistonda internet tezligini oshirish bilan bog`liq qanday chora-tadbirlar ko`riladi? O`zA muxbirining ushbu savoliga O`zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o`rinbosari Olimjon Umarov javob berdi.

– BMTning axborot-kommunikasiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi maxsus vakolatli organi hisoblangan Xalqaro elektroaloqa ittifoqiga (XEI) bugungi kunda 193 davlat hamda 700 dan ortiq kompaniya a`zo hisoblanadi. O`z navbatida, XEI BMT qoshidagi AKT sohasidagi statistik ma`lumotlarning rasmiy manbasi hamdir. XEI har yili statistik ma`lumotlarga tayangan holda AKT rivojlanish indeksi reytingini e`lon qilib boradi. XEIning 2017 yildagi hisobotiga ko`ra, O`zbekiston 176 ta davlat orasida 95-o`rinni egallagan va 2016 yildagi o`z natijasini 8 pog`onaga yaxshilagan hamda AKT sohasi eng jadal rivojlanayotgan davlat sifatida maxsus mukofot bilan taqdirlangan.

Shu bilan bir qatorda, oldimizda turgan bir qancha masalalar mavjud. Jumladan, 2016 yil yakunlari bo`yicha O`zbekistonda 100 kishiga to`g`ri keladigan simli keng polosali tarmoq foydalanuvchilari soni 9,1 tani tashkil etsa, bu ko`rsatkich MDH bo`yicha o`rtacha 15,8 tani, dunyo bo`yicha 12,4 tani tashkil etgan. Har bir internet foydalanuvchisiga to`g`ri keladigan ulanish tezligi 5,7 kbit/sekund bo`lsa, MDH bo`yicha o`rtacha 59 kbit/sekund, dunyo bo`yicha esa o`rtacha 74,5 kbit/sekundni tashkil etgan.

O`tgan ikki yil ichida “Xalqaro paketli kommutasiya markazlari va ma`lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish” loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutasiya markazi (XPKM) kompleksi modernizasiya qilindi va mazkur kompleksning umumiy o`tkazuvchanlik qobiliyati 10 barobarga oshirilib, 80 Gbit/cekunddan 1 200 Gbit/cekundga etkazildi. Jami 4 500 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari va 6 000 dan ziyod mobil aloqa baza stansiyalari qurildi, simlik keng polosali tarmoq sig`imi 283 000 portga kengaytirildi, operator va provayderlar uchun tashqi internet narxi 91 AQSh dollaridan 10 AQSh dollarigacha pasaytirildi.

Mazkur tadbirlar nafaqat telekommunikasiya infratuzilmasi kengayishi, xizmatlar sifati yaxshilanishi, balki O`zbekistonning reyting ko`rsatkichlari yaxshilanishiga ham xizmat qiladi. XEIning navbatdagi hisoboti 2019 yilda e`lon qilinadi.

Vazirlik tomonidan telekommunikasiya xizmatlari tezligi va sifatini oshirish, telekommunikasiya infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan 2019-2023 yillarga mo`ljallangan Milliy dastur loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi kunda kelishish jarayonida.

Dasturga asosan:

– 120 000 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurilishi;

– 6 000 dan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari qurilishi;

– keng polosali tarmoq sig`imi 1,5 million portga kengaytirilishi;

– ma`lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari sig`imi kengaytirilishi va yangilarining qurilishi;

– tashqi internetga ulanish qobiliyatini qo`shimcha 10 barobar oshirish;

– simsiz ma`lumot uzatish – Wi-Fi tarmoqlarini keng joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar