AsosiyJamiyat

Toshkentda texnopark tashkil etiladi

'Toshkentda texnopark tashkil etiladi'ning rasmi

Poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida startaplar va innovasion ishlanmalarni qo`llab-quvvatlash sohasi bo`yicha Hindiston tajribasi asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etiladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Texnoparkda mamlakatimiz axborot texnologiyalari tarmog`ini yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratiladi, yuqori texnologiyali startap loyihalar har tomonlama qo`llab-quvvatlanadi hamda yurtimizda ishlab chiqarilgan dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlarni mahalliy va xorijiy bozorlarda targ`ib qilishga xizmat qiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 yanvardagi "Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorida texnopark O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Hindiston Respublikasining Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi huzuridagi Dasturiy texnologiyalar parki jamiyati tomonidan tashkil etilishi ko`rsatilgan.

Texnoparkda moliyaviy, marketing, yuridik, konsalting va biznes-akselerator xizmatlari ko`rsatiladi. Bu startap sohasi bo`yicha yaqinda o`z faoliyatini boshlaganlar uchun biznes-reja va mahsulotini targ`ib etish strategiyasini to`g`ri tuzish, bozor va raqobatchilarni o`rganish, iqtisodiy faoliyatini tezroq boshlashiga yordam beradi. Bundan tashqari, startap loyihalarni amalga oshirishda venchur moliyalashtirish asosida yordam ham ko`rsatiladi.

Texnoparkda AKT sohasida etakchi kompaniyalar vakillari va mutaxassislarni jalb etgan holda, turli mahorat darslari, treninglar, malaka oshirish kurslari hamda ilmiy-amaliy anjumanlar va seminarlar o`tkaziladi.

Texnopark rezidentlarining istiqbolli loyihalari davlat mablag`lari, xususan Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda texnopark rezidentlari uchun Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo`llab-quvvatlash bo`yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovasiya markaziga taqdim etilgan imtiyozlar beriladi. Ular 2028 yilga barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar, jumladan, respublikamiz hududiga dasturiy ta`minot va uskunalarni olib kirganda bojxona to`lovlarini to`lashdan ozod etiladi.

    Boshqa yangiliklar