1

O`zbekiston-Germaniya: mamlakatlarni birlashtiruvchi madaniy hamkorlik

Madaniyat 13.01.2019, 16:41
O`zbekiston-Germaniya: mamlakatlarni birlashtiruvchi madaniy hamkorlik

Har doim madaniyat turli xalqlar va mamlakatlar o`rtasida ko`prik bo`lib xizmat qilgan. Uning xalqaro munosabatlarga ijobiy ta`siri ham allaqachon o`z isbotini topgan. Mamlakatlar o`rtasidagi madaniy hamkorlik bir-birlarini yaxshiroq tushunishga, bir qator siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy masalalarda murosa qilishga, har ikki tomonga mos keladigan foydali echimlarga erishishga yordam beradi.

Bunday hamkorlikning yorqin namunasi bu - O`zbekiston va Germaniya. Mamlakatlarning juda boy madaniy merosi ming yillar davomida shakllangan bo`lib, hozirgi vaqtga kelib mamlakatlarning madaniyatiga bo`lgan o`zaro qiziqishlari yangi mazmun bilan boyimoqda.

O`zbekistonda nemis madaniyati va tilini o`rganishga qiziqish katta. Va aynan nemis tili mamlakatimizda o`rganilayotgan tillar orasida ikkinchi ommalashgan xorijiy tildir.

Xalqlar o`rtasida madaniy-ta`lim aloqalarini rivojlantirish maqsadida 1998 yil 27 noyabrda tashkil etilgan “O`zbekiston-Germaniya” qo`mitasi va do`stlik jamiyatining faoliyati mamlakatlarimiz o`rtasida kuchli ko`p qirrali aloqalarni o`rnatishda katta rol o`ynaydi. Bunga asosan O`zbekiston va Germaniya milliy bayramlarining o`tkazilishi, o`zbek va nemis ustalari ijrosida konsert dasturlarining tashkil etilishi, turli ijtimoiy-siyosiy mavzular va boshqa tadbirlar bo`yicha o`quv seminarlarining o`tkazilishi yordam bermoqda.

O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi samarali madaniy hamkorlikning yana bir yorqin dalili sifatida mamlakatda uch yil davomida amalga oshirib kelinayotgan "O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida" yagona multimediya loyihasini ko`rsatish mumkin. Loyihada tarixchi olimlar, arxeologlar, san`atshunoslar, Germaniya va O`zbekiston muzeylari xodimlari faol ishtirok etmoqda.

Ushbu loyiha mazmuni va ko`lami bo`yicha chindan ham noyobdir. U uch (o`zbek, ingliz, rus) tildagi kitob-albomlarni chop etish, shuningdek O`zbekiston hududidan kelib chiqqan va xorijiy to`plamlarda saqlanayotgan moddiy va badiiy madaniyat ob`ektlariga bag`ishlangan filmlarni yaratishni ko`zda tutadi. Bu ham xalqaro miqyosda e`tirof etilgan durdonalar, ham keng ommaga va mutaxassislarga kam ma`lum bo`lgan yoki mutlaqo noma`lum bo`lgan artefaktlar bo`lishi mumkin. Kelib chiqishi o`lkamiz tarixi bilan bog`liq bo`lgan noyob artefaktlar va bebaho qo`lyozmalarning taqdimoti geografik va xronologik miqyosda birinchi bor amalga oshirilmoqda.

Loyiha asosini ushbu qadimiy o`lkada yaratilgan, lekin ayni paytda muayyan sabablarga ko`ra xorijda - Rossiya, Evropa, Osiyo, Amerika, Afrikaning turli muzeylari va xususiy kolleksiyalarida saqlanayotgan O`zbekiston madaniy merosi durdonalarini kataloglashtirish va tushunishning novatorlik g`oyasi tashkil qiladi. U arxeologik artefaktlar, noyob miniatyuralarga ega nodir qo`lyozmalar, turli xil amaliy san`at asarlarini o`z ichiga oladi.

Joriy yil 15 yanvarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrik so`zi bitilgan "O`zbekiston madaniy merosi Germaniya kolleksiyalarida" bezakli kitob-albomning taqdimoti bo`lib o`tadi. Aynan ushbu kitob-albom O`zbekistonning kitobat tarixiga zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda chop etilgan birinchi kitob sifatida kiradi, uni nafaqat o`qish, smartfon yordamida undagi 3D o`lchamidagi tasvirlar hamda videolavhalar bilan tanishish mumkin.

Mazkur kitob-albom Germaniya Federativ Respublikasining muzey to`plamlarida saqlanayotgan O`zbekiston badiiy merosini taqdim etadi. Bitta jild o`z ichiga Berlin davlat kutubxonasi, Berlindagi islom san`ati muzeyi, Berlin etnologik muzeyi, Shtutgartdagi Linden muzeyi, Gamburg san`at va hunarmandchilik muzeyi, uchta etnologik muzey: Leypsig, Drezden va Xernxutdan iborat Saksoniyaning davlat etnologik kolleksiyalari (SES), shuningdek Ganzaning Lyubek shahri etnologik kolleksiyasini birlashtirilgan. Xususiy kolleksiyalar faxriy senator Manfred Bumiller (Bamberg)ga tegishli islom davri yodgorliklari to`plamini taqdim etadi.

To`plamlarning har biri o`ziga xosdir. Masalan, Berlin Davlat kutubxonasi boshqa yozma yodgorliklar bilan bir qatorda Alisher Navoiy asarlari qo`lyozmalarini taqdim etadi. Berlindagi etnologik muzeyga eng ko`p kelib tushgan buyumlar mashhur sayyoh va O`rta Osiyoning an`anaviy san`ati ixlosmandi Villi Rikmer Rikmers tomonidan to`plangan.

Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan barcha ajoyib buyumlar - noyob qo`lyozmalar va me`moriy bezak namunalari, sopol idishlar, o`yma naqsh, zargarlik buyumlari va to`qimachilik mahsulotlari albom sahifalarida muhrlangan. Tasviriy materialning taqdim etilishi tasvirlangan buyumlar o`rtasidagi vaqt farqini hisobga olgan holda, iloji boricha xronologik prinsipga amal qiladi.

Kitobda X asr - XIV asrning birinchi yarmi artefaktlari (arxitektura va kulolchilik keramikasi, o`yma naqsh)bilan bir qatorda temuriylar davridagi yodgorliklari, xonliklar davrining buyumlari taqdim etilgan. Albomda o`rta asr durdonalari bilan birga XX asrning an`anaviy san`atiga oid ayrim namunalar ham o`rin olgan.

Ushbu kitob-albomining chiqarilishi ikki mamlakat o`rtasida madaniy sohada do`stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, xalqlar o`rtasida samarali muloqotni yo`lga qo`yish borasida ko`yilgan munosib qadam bo`ladi.

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1