Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi 160 ta chorrahaga videokameralar o`rnatish ishlari olib borilmoqda. Podrobno.uz Chilonzor tumani hokimi o`rinbosari Sayfulla Ahmedovga tayanib xabar berishicha, shularning 17 tasi ushbu tumanda joylashgan. Chorrahalarning 8 tasida dastlabki ishlar amalga oshirilib bo`lingan va yaqin orada videokameralar o`rnatiladi.
Sayfulla Ahmedovning ta`kidlashicha, shaharda yo`l harakatini kuzatish uchun mo`ljallangan kameralardan tashqari, maishiy maqsadlarda ham kameralar o`rnatish hollari ko`p uchramoqda. 2012 yildagi nizomga muvofiq hokimiyat bino old qismiga kamera o`rnatilmagan ob`ektlar qurilishiga ruxsat bermaslik huquqiga ega.
Bundan tashqari ko`p xonadonli uylarda istiqomat qiluvchilar ham uy tashqarisiga yoki zina maydoniga bunday kameralarni o`rnatmoqda. Hokim o`rinbosari so`zlariga ko`ra, bu tartibbuzarlarni aniqlashda qo`l kelmoqda.
Ta`kidlash joiz, so`nggi bir necha oy ichida Toshkentdagi chorrahalarga kuzatuv tizimini o`rnatish ishlari olib borilmoqda. Kameralar va dispetcherlik markazi o`rtasida aloqa o`rnatish uchun «O`zbektelekom» AK aloqa liniyalarini o`tkazmoqda.
O`zbekistonda yo`l harakati xavfsizligining kompyuterlashgan tizimini Shveysariyaning AGT International korporasiyasi joriy qilmoqda.
Kameralarni avval Toshkentda, so`ng Samarqandda, undan keyin esa butun respublika bo`ylab o`rnatish rejalashtirilmoqda.
Dastlab Toshkentdagi 120 ta chorrahaga kameralar o`rnatish va buning uchun 1200 ta kamera sotib olish ko`zda tutilgan edi. Yakunda kamera bilan jihozlanadigan chorrahalar soni 160 tagacha ko`paytirgani xabar qilindi.