2018 yilning so`nggi choragi yakunlari bo`yicha 104 ta davlat va xo`jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari o`rtasida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish samaradorligi reytingi o`tkazilib, unda Davlat soliq qo`mitasi eng yuqori ko`rsatkich — 98,44 ball bilan 1-o`rinni egalladi.
Ushbu baholash tizimi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasida Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan 2014 yildan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi ekspertlari tomonidan har chorakda o`tkaziladi.
Ma`lumki, davlat organlari faoliyati — davlat hokimiyati va boshqaruvi organi faoliyatida rasmiy veb-sayt va interaktiv davlat xizmatlarini ko`rsatish darajasi; axborot tizimlari va ma`lumotlar bazalari darajasi; axborot xavfsizligi darajasi; tashkiliy jihatdan baholash singari ko`rsatkichlarga muvofiq baholanadi.
Reyting vazirlik va tashkilotlarda AKTni joriy etish holatini tahlil qilish, bu boradagi to`siqlarni aniqlash, ularni bartaraf etish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yordam berish, AKTni kengroq joriy etish va rivojlantirish uchun ustuvor yo`nalishlar bo`yicha takliflarni tayyorlash maqsadida yuritilmoqda.
Davlat soliq qo`mitasi rahbariyati tomonidan AKTni rivojlantirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlarning to`g`ri yo`lga qo`yilgani, soliq organlarida telekommunikasiya holati, moddiy-texnika resurslarining tartibga solingani va axborot xavfsizligining ishonchliligi, ma`lumotlarni qayta ishlash markazi va soliq organlaridagi dasturiy mahsullar, idoralararo o`zaro hamkorlik tizimlarining uzluksizligi hamda samaradorligining yuqoriligi ushbu reytingda yuqori natijani qo`lga kiritishida muhim o`rin tutdi. Rasmiy veb-sayt va soliq to`lovchilarga ko`rsatilayotgan interaktiv xizmatlar sifati esa ekspertlar tomonidan alohida e`tirof etildi.
Endilikda Davlat soliq qo`mitasi tomonidan rasmiy saytni modernizasiya qilish, smartfonlar uchun mo`ljallangan mobil ilova va maxsus telegram botni ishga tushirish, onlayn nazorat kassa mashinalari hamda elektron hisobvaraq-fakturalarni amaliyotga keng joriy etishda zamonaviy AKTning eng so`nggi echimlaridan unumli foydalanish maqsad qilingan






