“Sog`lom bola yili” davlat dasturining 94-bandiga muvofiq Xalq ta`limi vazirligi tomonidan ilk marotaba ota-onalar uchun bolalarni maktabga tayyorlash bo`yicha 5 ta kitob yaratildi, bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar beradi.
Mazkur qo`llanmalar farzandi maktabgacha ta`lim tizimiga qamrab olinmagan ota-onalar uchun mo`ljallangan bo`lib, ular yordamida bolaning dunyoqarashi, mantiqiy fikrlashi va nutqi rivojlantiriladi, uni shaxsiy gigiena qoidalari bilan tanishtiradi.
Qo`llanmalar “Bolajon” tayanch dasturi asosida rangli-bezakli shaklda tayyorlangan va Maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Respublika o`quv-metodika markazi qoshidagi ilmiy kengash tomonidan tasdiqlangan. Qo`llanmalar 5 ta kitobdan iborat bo`lib, jami 2,5 mln. nusxa (har bir kitob 446 ming nusxadan) chop etildi va 436 130 nafar oilalarga bepul tarqatilmoqda. Bular:
1.“Nutq o`stirish, o`qish va savodga tayyorlash”;
2.“Matematik tasavvurlarni shakllantirish”;
3. “She`riy asarlar to`plami”;
4.“Nasriy asarlar to`plami”;
5.“Sog` tanda - sog`lom aql”.
Joylarda tuman (shahar) xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limlarining maktabgacha ta`lim uslubchilari, “Mahalla” hayriya jamoat fondi va boshqa hamkor tashkilot va idoralar vakillari bilan birgalikda maktabgacha ta`limga qamrab olinmagan 5-7 yoshli farzandli oilalar ro`yxati shakllantirilib, hozirda ularga maktab kutubxonalar orqali qo`llanmalar bepul tarqatilmoqda. Ota-onalar qo`llanmadan yil davomida foydalangan holda o`z farzandini maktab ta`limiga sifatli tayyorlaydi. Bugungi kunda respublika bo`yicha jami 4950 ta maktabgacha ta`lim muassasasiga 581 539 nafar bola qamrab olingan.