Evrilish (hikoya)

Mutolaa 02.02.2019, 11:52
Evrilish (hikoya)

U har gal meni ko`rganida negadir ko`zlari quvonchdan chaqnab ketardi. Buni sezish qiyin emasdi. Chunki, uning ko`m-ko`k ko`zlariga yoshiga yarashmagan ma`yuslik chuqur in qurgan, yuziga hamisha noma`lum mahzunlik soya tashlab turardi. Egnidagi kiyimlari o`zidek g`aribona, kimlarningdir eskisi bo`lgani sabab, doimo goho kichik, goho katta bo`lardi. Ularning oilasi qishlog`imizga qaerdandir kelib qolishgan bo`lib, qabriston yonidagi tashlandiq kulbada yashashardi.

Onasi maktabimizda farrosh bo`lib ishlar, otasi birovlarning uyini ta`mirlar, mol-holiga qarar, kimning nima yumushi bo`lsa bajarib ketaverardi. Lekin, har ikkisi ham o`lgudek araqxo`r, qo`llariga pul tushgan kuni ichib tugatishardi. U esa ota-onasining hamma ishlariga ko`mak berardi. Ular ko`chada mast bo`lib, erda ag`anab yotishganlarida ust boshlarini tozalab, elkasiga opichlaguday avaylab uyga eltar, ovqat pishirar, kir yuvar, xullas, ota-onasiga juda g`amxo`r edi. Nafsilamr aytganda, u barchaga, hatto atigi bir- ikki yosh katta bo`lsa-da, biz yuqori sinf o`quvchilariga ham xuddi shunday beminnat g`amxo`rlik qilardi. Ayniqsa hosil yig`im- terimi mavsumida hasharga chiqqanimizda, maktabimizning eng chiroyli qizlarining tilidan uning nomi tushmay qolardi. U samimiyligi bilanmi, mehnatkashligi bilanmi, balki barcha xislatlari bilan qishlog`imizdagi kattayu kichikning mehrini qozongan edi. Faqat mengina uni ko`rmas, uning g`amnokligi ham, quvonchi ham meni aslo qiziqtirmasdi.

Mening nigohlarim undan juda olisga, ancha yuqoriga qadalgandi. Tasodifan duch kelganimizda, uning sariq, hurpaygan sochlarini kir qo`llari bilan tarashi, egnidagi g`aribona kiyimlarini shosha-pisha tuzatishlari gohida g`ashimga tegardi. Men o`ziga bino qo`ygan, raisning erka qizi edim. Atrofimda aylangan manaman degan bashang yigitlar bilan hamisha xushchaqchaq, hazil-huzul qilib kulardim. Uni ko`rganda esa juda jiddiy tortib, ataylab qovog`imni solardim. Nazarimda, oramizdagi tafovut shu qadar katta ediki, uning menga nimadir demoqchiligini sezganim sari,undan o`zimni uzoqroq tutishga harakat qilardim. Keyingi paytlarda tasodifmi yoki ataylabmi, u yo`limda tez-tez uchraydigan bo`lib qoldi. Bundan damlarda rangpar yuzida zohir bo`lgan aybdorlarcha iljayish bilan “yaxshimisiz”, deya so`rashardi. Uning hazin ovozidagi cheksiz mung va noma`lum quvonch, ilinj va umidsizlik bilan qorishiq bilinar-bilanmas titroq har qanday toshyurakni befarq qoldirmasdi. Faqat meni emas... Uning salomiga alik olishni ham o`zimga ep ko`rmay, yuzimni ters o`girib, muhim ishi bor odamday, yonidan tezroq o`tib ketishga shoshilardim. Mendagi kibr “u meni yoqtirib qolgan” degan o`yni xayolimga aslo yaqinlashtirmasdi. Hatto, boshqalar shu fikrga borishlaridan o`lguday qo`rqardim.

Aslida oramizdagi farq men o`ylaganchalik katta emasdi. Ikkimiz ham yosh edik. Ikkimizning ham qalbimiz kimningdir muhabbatiga tashna edi. Ikkimiz ham hayotga umid va ilinj bilan qarardik...

Kunlardan bir kuni uning ota-onasi to`satdan vafot etdi. Qulog`imga chalinishicha, katta yo`lni g`irt mast holda kesib o`tishayotganda, ularni mashina urib ketibdi. U birdaniga otasidan ham, onasidan ham ayrilib, butunlay yolg`iz qoldi. Shundan so`ng ancha paytgacha qishloqda ko`rinmay ketdi. Kimlardir uni olisga, o`zga yurtga ketgan deyishsa, kimlardir shaharda ko`rganini, xuddi ota-onasi kabi ichkilikka ruju qo`yganini aytishdi. Kech kuzning ayozli oqshomida u oxirgi marta yo`limda paydo bo`ldi. Xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan bu uchrashuv hamisha qalbimga og`riq soladi. U anchadan beri, balki kun bo`yi, yo`l poylaganidan yomg`irda butunlay ivigan, sovuqdan ko`nishgan, g`am-alamdan novcha gavdasi biroz egilgan. Mana shu aftodahol holatida yuragining tub tubida yotgan tavsifiga til ojiz bir azob yaqqol namoyon bo`lib turardi. U meni ko`rishi bilan g`amnok ko`zlari odatdagidek quvonchdan charaqlab ketmadi. Bu gal g`aribona ust-boshidan iymanib kalovlanmadi. Yonimga yaqin keldi. Cho`kayotgan odamdek iltijo bilan men tomon qo`lini cho`zdi. Juda past ovozda dona-dona qilib dedi: – Meni qutqar! Qalbimga ozgina nur ber!...

Oradan qancha yillar o`tdi. Hayot meni o`z bo`hronida obdan chirpirak qilgach, osmondan erga tushirib qo`ydi. Taqdir esa yaqin kishilarimdan ayirdi. Men ham xuddi uningdek bu dunyoning sarhadsiz sahrosida yolg`iz qoldim. Ko`zlarimga xuddi uning ko`zlaridek mahzunlik in qura borgan sari, uni tez-tez eslayman va borgan sari unga o`xshab borayotganligimni his qilaman. Xazonlar oyoqlar ostida unsiz ezilgan, yalang`och daraxtlar yuzini yomg`ir yuvgan kuzning izg`irin tunlari men batamom Unga aylanaman va ko`kka qo`l cho`zib iltijo qilaman: Qalbimga nur ber!

Farida Qoraqulova, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1