6 noyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro Biznes markazida Savdo va sanoat bo`yicha O`zbekiston — Britaniya kengashining 21-yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Britaniyaning O`zbekistondagi elchisi Jorj Edgar Buyuk Britaniyaning 20 dan ziyod biznes soha vakillaridan iborat bo`lgan delegasiyasiga boshchilik qildi. O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vaziri, kengash hamraisi Elyor G`aniev O`zbekiston delegasiyasiga boshchilik qildi.
Taqdimnomalar doirasida tomonlar ikki davlatlarning investisiya imkoniyatlari haqida gapirib berishdi. Anjuman davomida O`zbekiston delegasiyasi britaniyalik hamkasblarga O`zbekiston iqtisodiyotining turli sohalarida, jumladan, neft-gaz, kimyo, konchilik, mashinasozlik, engil sanoat, farmasevtika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatlarida investisiya imkoniyatlari haqida ma`lumotlar berishdi.
O`zbekiston tomoni Britaniyalik hamkasblarga Navoiy va Angren erkin iqtisodiy zonalarida yuqori texnologiyali sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ma`lumotlar berishdi. Shuningdek, tomonlar ta`lim, ilm-fan, turizm, chiqindilarni boshqarish, hamda tozalash va energiyani tejash texnologiyalari sohalarida aniq loyihalar bo`yicha fikr almashishdi.
Savdo va sanoat bo`yicha O`zbekiston — Britaniya kengashi 1994 yilda tuzilgan. O`BSSK Britaniyaning tashqi savdo masalalarida ko`mak ko`rsatuvchi hukumat tashkiloti bo`lib, Savdo va investisiyalar departamenti qoshida faoliyat yuritadi. O`BSSK hukumat tomonidan moliyalashtirilib, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan Britaniya kompaniyalariga hamda shu mamlakatda faoliyat yuritishga kirishmoqchi bo`lgan biznesmenlarga ko`mak berib keladi.