O`zbekiston Prezidentining Farmoniga asosan endi davlat boshqaruvi organlari rahbar lavozimlariga xotin-qizlar tavsiya etiladi. O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo`mitasi raisi Tanzila Norboeva bu haqida facebook‘dagi sahifasida ma`lum qilgan edi. Bu xabar aksariyat ayollar tomonidan xursandchilik bilan qabul qilindi.
“Bugungi kunda Qo`mitamiz tomonidan rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish uchun 3 mingdan ortiq kadrlar zahirasi shakllantirilgan”, - degan Respublika xotin-qizlar qo`mitasi raisi.
Fevraldan e`tiboran Prezident huzuridagi Davlat boshkaruvi akademiyasi va uning hududiy bo`linmalarida o`quv kurslari joriy qilinadi.
Tanzila Norboevaning ta`kidlashicha, ushbu uzoq kutilgan yangilik gender tenglikni ta`minlashda jiddiy kadam bo`lib xizmat qiladi.
Qayd etish lozimki, mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 2018 yil dekabrda e`lon qilingan ma`lumotga ko`ra davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 388 nafar xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.