Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan zamonaviy fizikaning taniqli namoyondasi, xalqaro darajadagi professor vatandoshimiz Alisher Qodirov ishtirokida talabalar va yosh olimlar uchun zamonaviy amaliy fizika muammolariga bag`ishlangan videoseminar o`tkazildi.
Videoseminarda vazirlik rahbariyati, OTMlarning ilmiy ishlar va innovasiyalar bo`yicha prorektorlari, fizika sohasida faoliyat ko`rsatayotgan olimlar, professor-o`qituvchilar, kafedra mudirlari hamda shu sohada tahsil olayotgan doktorantlar ishtirok etdi.
Videoseminarda professor zamonaviy amaliy fizika yangiliklari, jahon ilm-faniga integrasiya qilish, fizika sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish zarurligi haqida to`xtaldi va bu borada yordam berishga tayyorligini ma`lum qildi.
Alisher Sobirovich Qodirov, asli o`zbekistonlik vatandoshimiz, hozirda yadro fizikasi sohasida bugungi kunda dunyoning etakchi professorlaridan biri hisoblanadi. Olim ilm-fan va texnika sohasida qator xalqaro nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan, 2018 yilda Amerika fiziklar jamiyatining (APS) tanlangan a`zosiga aylangan.






