Kecha, 17 fevral kuni Lyubinko Drulovich shogirdlari "La Finca" stadionida Shveysariyaning "Delemon" klubiga qarshi nazorat uchrashuvi o`tkazishdi.
O`yin 2:2 hisobidagi durang bilan yakuniga etdi. Terma jamoamiz 0:2 hisobida ortda bora turib, keyin hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi, deb xabar berdi O`FA.
O`zbekiston olimpiya terma jamoasi tarkibida gollarga Islom Qobilov va Bobur Abduxoliqovlar mualliflik qilishdi. Hisob tenglashgandan keyin ustunlik biz tomonga o`tdi. Ko`p vaziyatlarda terma jamoamiz a`zolari tomonidan uyushtirilgan xavfli hujumlar raqibni shoshirib qo`ydi. Shuningdek, hakam tomonidan "Delemon" klubi darvozasiga belgilangan penaltini golga aylantira olmaganimizni ham ta`kidlab o`tish zarur.
Endilikda 21 fevral kuni O`zbekiston olimpiya terma jamoasi "Lokomotiv Tbilisi" jamoasiga qarshi nazorat o`yini o`tkazadi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston olimpiya terma jamoasi shu yilning mart oyida kelasi yil Taylandda bo`lib o`tadigan Osiyo chempionati saralashida qatnashadi.
Saralash bahslari Toshkentda o`tkazilib, terma jamoamiz a`zolari Osiyo chempionati yo`llanmasini qo`lga kiritish uchun Tojikiston, Hindiston va Pokiston terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi.