AsosiySport

"Osiyo bolalari" birinchi xalqaro qishki sport o`yinlari yakuniga etdi

'"Osiyo bolalari" birinchi xalqaro qishki sport o`yinlari yakuniga etdi'ning rasmi

8-17 fevral kunlari Rossiya Federasiyasining Yujno-Saxalinsk shahrida 16 yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasida “Osiyo bolalari” birinchi xalqaro qishki sport o`yinlari o`tkazildi.

Xalqaro Olimpiya qo`mitasi hamda YuNESKO tashkiloti shafeligida ilk bora tashkil etilgan musobaqada 20ta davlatdan jami 1 196 nafar atlet g`oliblik uchun bahs olib borishdi. Ishtirokchilar qatoridan Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Mo`g`uliston, Afg`oniston, Hindiston, Nepal, Janubiy Koreya, Tailand, Gonkong, Filippin, Yaponiya, BAA, Kuvayt, Suriya, Iordaniya, Armaniston hamda O`zbekiston davlatlari o`rin olgan edi. Mezbon Rossiya esa hududiy bo`linishiga ko`ra Saxalin viloyati, Yoqutiston, Boshqirdiston, Tatariston, Moskva, Sibir, Ural hamda Uzoq Sharq federal okruglari sifatida alohida-alohida jamoa bo`lib qatnashdi.

9 kun davom etgan bellashuvlarda yosh atletlar qishki sport turlaridan tog` chang`isi, chang`i poygasi, snoubord, biatlon, tramplindan sakrash, figurali uchish, short-trek va xokkey bo`yicha 93 ta medallar shodasi uchun kurash olib borishdi.

Afsuski, “Osiyo bolalari” birinchi xalqaro qishki sport o`yinlarida hamyurtlarimiz bironta ham medalga ega chiqisholmadi.

Jumladan, figurali uchish musobaqalarida hamyurtimiz Azizmurod Shabazov 19 nafar ishtirokchi orasida 15-o`rinni egallagan bo`lsa, qizlarimiz ham ancha bo`sh ishtirok etishdi. Chunonchi, Niginabonu Jamoliddinova 33 ishtirokchi orasida 25-o`ringa sazovor bo`ldi. Uning dugonasi Diana Rahmonqulova esa 26-pog`onadan joy oldi.

Tog` chang`isi bo`yicha o`tkazilgan bahslarda terma jamoamiz bayroqdori Medet Nazarov ham 12-natijani qayd etdi va sovrinli o`rinlardan chetda qoldi. Nihoyat snoubord musobaqalarida ham atletlarimiz final bosqichiga etib kelisholmadi. Bu tushunarli, negaki so`nggi yillarda mamlakatimizda qishki sport turlariga e`tibor ancha pasayib ketgan edi. Boz ustiga, oxirgi yillarda iqlimning sezilarli darajada o`zgarib ketishi natijasida yurtimizda qish faslida ham mo``tadil iqlim kuzatilayotgandi. Shunday sharoitlarda sportchilarimizdan qanday qilib yuksak natija kutish mumkin?

photo5426842125577857549.jpg

“Osiyo bolalari” birinchi xalqaro qishki sport o`yinlarida Ural federal okrugi jamoasi norasmiy umumjamoa hisobida 1-o`rinni qo`lga kiritdi. Ular 10ta oltin, 5ta kumush hamda 9ta bronza medaliga sazovor bo`lishdi. Moskva shahri vakillari esa 9ta oltin, 5ta kumush va 7ta bronza medali bilan 2-o`rinni qo`lga kiritishgan bo`lsa, kuchli uchlikni 8ta oltin, 9tadan kumush va bronza medali bilan mezbonlar – Saxalin viloyati jamoasi yakunlab berdi.

Janubiy koreyalik yosh atletlar ham “Osiyo bolalari” birinchi xalqaro qishki sport o`yinlarida munosib ishtirok etishdi va ular ortga 8ta oltin, 9ta kumush va 6ta bronza medali bilan qaytadigan bo`lishdi. Bu natija koreyslarga faxrli 4-o`rinni taqdim etdi.

TOP-10dan Sibir federal okrugi, Qozog`iston, Uzoq Sharq federal okrugi, Yaponiya, Tatariston hamda Yoqutiston jamoalari o`rin olishdi.

    Boshqa yangiliklar