Bugun, 20 fevral kuni Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Pokiston Quruqlikdagi qo`shinlari Bosh shtabi boshlig`i general-leytenant Nadim Raza boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki tomonlama uchrashuv doirasida mintaqada xavfsizlikni ta`minlash, mamlakatlararo harbiy va harbiy texnik hamkorlikni rivojlantirish hamda harbiy ta`lim sohasida maqsadli aloqalarni yuqori pog`onaga ko`tarish masalalari yuzasidan o`zaro fikr almashildi.

Ikki mamlakat mudofaa idoralari o`zaro hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko`tarish, manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Eslatib o`tamiz, ertaga, 21 fevral kuni Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshliqlarining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tadi. Unda O`zbekiston, Qozog`iston, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg`oniston Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshliqlari, Qirg`iziston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig`ining birinchi o`rinbosari, AQSh Qurolli Kuchlari SENTKOM qo`mondoni ishtirok etadi.






