AsosiySport

"Paxtakor" stadioni futbol bo`yicha O`zbekiston Superkubogiga tayyor

'"Paxtakor" stadioni  futbol bo`yicha O`zbekiston Superkubogiga tayyor'ning rasmi

Bugun «Paxtakor» stadionida futbol bo`yicha O`zbekiston Superkubogi bo`lib o`tadi. Unda Superliganing amaldagi chempioni «Lokomotiv» jamoasi O`zbekiston Kubogi sohibi AGMK jamoasi bilan to`qnash keladi.

Mazkur bahs oldidan juma kuni matbuot anjumani tashkil etildi. E`tiborlisi, mazkur tadbir o`zgacha tarzda bo`lib o`tdi. Anjuman «Samarqand darvoza» ko`ngilochar savdo markazida o`tkazildi.

Tadbirda har ikki jamoa bosh murabbiylari, futbolchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va muxlislar ishtirok etishdi.

Anjumanda qatnashgan murabbiylar muxlislarni qiziqarli o`yin kutib turganini alohida qayd etib o`tishdi.

«Bizni qiziqarli o`yin kutib turibdi. Biz uchrashuvga tayyormiz. Stadionga muxlislarni taklif qilamiz, chunki biz aynan ular uchun o`ynaymiz. Stadion to`lib turishi futbolchilarga ham kuch bag`ishlaydi. Umid qilamizki biz o`yinda oldimizga qo`ygan maqsadimizga erishamiz. OChLda «Al Nassr»ga qarshi o`yinda yomon o`yin ko`rsatmadik. Guruh bosqichiga chiqishni judayam istagandik. Ammo bu futbol va ushbu o`yin ana shunday holatlar bilan qiziq. Nima bo`lganda ham hayot davom etadi. Biz ertangi o`yinda bundan hulosa chiqargan holda maydonga tushamiz va o`z maqsadimizga erishamiz. «Lokomotiv»dan cho`chiyotganim yo`q. Uchrashuv oson bo`lmaydi», – dedi AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

Shuningdek, tadbirda jurnalistlar jamoa futbolchilaridan ham o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

«Murabbiy sifatida ilk marotaba bunday o`yinda qatnashayapman. Bu mavsumning ilk rasmiy uchrashuvi bo`ladi. Umid qilamanki ertaga yaxshi o`yin bo`ladi. Bahsda kuchli jamoa g`alaba qozonsin. Jamoadagi o`zgarishlar? Futbolda o`zgarish bo`lib turishi normal holat. Futbol bir joyda turmaydi. Biz shunga qaramay oldinga intilamiz. Yangi futbolchilar nafaqat eskilarni o`rnini egallashadi, balki jamoamizni yanada kuchaytirishadi», – dedi «Lokomotiv» ustozi Andrey Fyodorov.

Eslatib o`tamiz, «Lokomotiv» hamda AGMK jamoalari o`rtasidagi Superkubok o`yini bugun soat 16:00 da «Paxtakor» stadionida boshlanadi.

E`tiboringizga MOQ tadbirdan olgan suratlarni havola etamiz:

    Boshqa yangiliklar