Bugun, 24 fevral kuni Osiyo Olimpiya Kengashi (OCA) prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Sabax Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Martabali mehmon Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida AIBA prezidenti G`ofur Rahimov, MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi Milliy olimpiya qo`mitasi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan kutib olindi.
Al-Sabax bilan birga delegasiya tarkibida Xalqaro kurash assosiasiyasi prezidenti, Osiyo o`yinlari-2018 direktori Haydar Farmon, OCA kotibi Lyusen Alvarez ham yurtimizga keldi.
Xabaringiz bor, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Oliy Majlisga qilingan murojaatnomada yurtimizda sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish masalalariga alohida e`tibor qaratilgandi. Davlatimiz rahbari o`shanda O`zbekiston Osiyo o`yinlarini o`tkaza olishga qodir mamlakat ekanligini ham alohida qayd etib o`tgandilar.
Shu munosabat bilan Milliy olimpiya qo`mitasi rahbariyati bu boradagi loyihani hayotga tatbiq etishni boshlab yuborgan. Bu bo`yicha 2030 yilgi Osiyo o`yinlarini Toshkent va Samarqandda o`tkazish bo`yicha ariza Osiyo Olimpiya Kengashiga taqdim etilgan. 2030 yilgi Osiyo o`yinlarini qabul qilish uchun O`zbekistondan tashqari Qatar, Hindiston va Filippin kabi mamlakatlar da`vogarlik qilmoqda.
O`zbekistonning Osiyo o`yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatlarini keng muhokama qilish maqsadida Al-Sabax boshchiligidagi delegasiya ikki kun davomida yurtimizda bo`ladi. Yaxshi bilasiz, Osiyo o`yinlarini o`tkazish va qabul qilish – yirik loyiha hisoblanadi.
Tashkilotchilik masalalarida o`ziga yarasha yangiliklar va boshqa jihatlar mavjud. Musobaqa uchun sport inshootlarini qurish, Olimpiya shaharchasi, logistika, qulay transport marshuruti, yuqori saviyadagi tadbirlarni tashkil qila olish, translyasiya va boshqa masalalar shular jumlasidandir. Uchrashuv davomida aynan shu kabi masalalarga alohida to`xtalib o`tiladi.














