AsosiyJamiyat

Kechagi va bugungi Mirzacho`l

'Kechagi va bugungi Mirzacho`l 'ning rasmi

Xalqaro Press-klubning navbatdagi sayyor sessiyasi 22 fevral kuni Jizzax viloyatining Mirzacho`l tumani Gagarin shaharchasida o`tkazildi. “Jizzax: 2019 yilning ustuvor vazifalari, yangi qiyofa, bunyodkorlik va mas`uliyat” mavzusiga bag`ishlangan mazkur sessiyada tuman hokimlari, vazirlar, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Prezident tashrifidan 22 kun o`tib...

Shu yilning 30-31 yanvar kunlari Prezident Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Mirzacho`l tumani G`alaba mahallasida “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarni ko`zdan kechirgan edi. Jumladan, “G`alaba” mahallasidagi barak va ko`rimsiz uylar o`rnida 400 ta namunaviy loyihalar bo`yicha 4 sotix maydondagi er uchastkasida barpo etilgan bir qavatli ikki va uch xonali uylar, oilaviy poliklinika, tikuvchilik majmuasi, maktabgacha ta`lim muassasasi, qabriston singari yangi qiyofa kasb etgan ob`ektlarni borib ko`rgan edi. Oradan 22 kun o`tib, Xalqaro Press-klub sessiyasi ishtirokchilari ham ushbu tumandagi bunyodkorlikka guvoh bo`lishdi. Unda tuman hokimlari hamda vazirlar o`tgan yilda qilingan ishlar va joriy yilda ko`zda tutilgan rejalar bilan o`rtoqlashishdi.

Komil XOLMURODOV, Mirzacho`l tumani hokimi:

— “Obod qishloq” dasturi bo`yicha Mirzacho`l qayta quriladi, deyilgan kundan boshlab dasturni qo`limga olib ko`rganimda, bunday qisqa muddatda uni amalga oshirishga, rosti, ko`zim etmagandi. Bugun tumanimizga kelayotgan mehmonlar bizga dastlab shu savolni berishyapti: “Bu ishlar necha yilda bo`ldi?” Biz ularga: “7 oy davomida bo`ldi” desak, ishonishmayapti. Shaxsan men xalq katta kuch ekanligini Mirzacho`lga kelib ko`rdim. Biz qisqa muddatda Gagarinni qayta barpo etdik. Yaxshi yashashga bo`lgan majburiyat bizni ishlashga undadi. Ochig`i, tumanda bir necha yillardan beri yangi loyihalarga qo`l urilmagandi. Mana, 2019-2020 yillarda 1 trln. 125 mlrd. so`mlik loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan bo`ldi. Endigi asosiy vazifalarimiz bu — ish o`rinlarini yaratish, aholi bandligini ta`minlash va yaratilgan ish o`rinlarini saqlab qolish. Muhimi, odamlarimizda boqimandalik kayfiyatini yo`q qilishga erishyapmiz. Shahardagi o`zgarishlar ularda mas`uliyat hissini uyg`otib, oldinga intilishga undamoqda.

Sherzod ShERMATOV, Xalq ta`limi vaziri:

O`qituvchilar ortiqcha yuklamalardan xalos etilib, oylik maoshlari oshirilgandan keyin Jizzaxning o`zida 1000 ga yaqin erkak o`qituvchilar, 2000 ga yaqin oliy ma`lumotli o`qituvchilar maktablarga qaytdi. Shu paytgacha o`rta maxsus ma`lumotiga ega bo`lganlar ham ham dars berardi. Lekin bu ta`lim sifatining pasayishiga olib keldi. Endi vazifamiz ta`lim sifatini yaxshilashdir. Maktab degani bu – faqat to`rt devor emas. Biz chet tillaridan dars beradigan va oliy ma`lumotli o`qituvchilarni olib kelishimiz kerak.

Alisher ShODMONOV, Sog`liqni saqlash vaziri:

—O`tgan bir yarim yil ichida viloyatda 25 ta yangi qishloq oilaviy poliklinikasi qurildi, 14 tasi ta`mirlandi, 606 ta tez yordam, 16 ta reanimobil avtomobillari olib berildi. Dori darmonga 22 mlrd. mablag` ajratildi. Kasalliklarning oldini olish bo`yicha amaliy ishlar boshlangan. Masalan, bo`qoq, kamqonlik, qon bosimi oshishi kasalliklarini oldini olish uchun bir necha dori vositalari aholiga bepul tarqatilmoqda. 2019 yilda tibbiyotga 570 mlrd. mablag` ajratilishi ko`zda tutilgan. Bu mablag`larga yangi tibbiyot markazlari, shifoxonalar qurish ko`zda tutilgan. Dunyodagi eng yaxshi kasalxonalar filiallari ham Jizzaxda ochiladi. Hozirda bu borada Turkiya va Janubiy Koreya mamlakatlari bilan muzokaralar olib borilyapti. Qisqa aytganda, tibbiyot uchun bu yil Jizzax yili bo`ladi.

Mirzacho`l namunasi

Qayd etilishicha, Mirzacho`l tumanidagi ko`p tarmoqli markaziy poliklinika mamlakatimizda namunali ko`p tarmoqli markaziy poliklinika sifatida ish boshlagan. 1976 yilda qurilgan bu poliklinika binosi shu kunga qadar kapital ta`mirlanmagan edi. “Obod qishloq” dasturi asosida muassasa uchun yangi bino qurildi. 250 qatnovga mo`ljallangan poliklinikaga 5 mlrd. 400 mln. so`m mablag` ajratildi va 5 oy ichida qurib bitkazildi. 100 dan ziyod ish o`rni yaratildi.

Poliklinikamizda jarroh, pediatr, UTT shifokori, stomatolog, terapevt, LOR, oftalmolog, travmatolog, nevropatolog, psixiatr kabi mutaxassislar aholiga tibbiy xizmat ko`rsatmoqda, - deydi poliklinika mudiri Saydullo HIMMATOV. – Lekin tor doiradagi mutaxassis-shifokorlar - gastroenterolog, travmatolog, urolog, nefrologlar etishmaydi. Bu borada targ`ibot ishlari olib borilyapti, ishga keladiganlarga qulay sharoitlar yaratiladi, uy-joy bilan ta`minlanadi. Poliklinika zamonaviy tibbiy jihozlar - UTT apparati, raqamli rentgen, EKG, stomatologik jamlanma, audometr kabi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ayollar maslahatxonasi, kunduzgi stasionar, ijtimoiy dorixona faoliyati ham yo`lga qo`yilgan.

“Ishlagan ayollarni ko`rsak havas qilardik”

Mirzacho`l tumanining tabiiy boyliklari mavjud emas. Shu bois tuman, asosan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uzoq yillar mobaynida bu erda ishsizlik og`riqli muammolardan bo`lib kelgan. Prezident tashabbusi bilan katta bo`lmagan ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, aholiga ish o`rinlari yaratildi. Shunday korxonalardan biri o`tgan yilning bahorida ish boshlagan “Mirzacho`l tikuvchilik majmuasi”dir. Majmuada jami 468 nafar xodim ishlaydi, ulardan 178 nafari ayollardir. Ular dastlab “Tadbirkor ayol” uyushmasi ko`magida tikuvchilik kasbiga qayta tayyorlandi. Hozirda “O`zbekpaxtasanoat” tizimidagi va boshqa korxonalarga shartnoma asosida maxsus kiyimlar tikib berishmoqda.

“Mirzacho`l tikuvchilik majmuasi”ning yana 4 ta tumanda – Arnasoy, Paxtakor, Do`stlik va Zafarobodda filiallari tashkil qilingan. Ularda 500 yaqin xotin-qizlar ish bilan ta`minlangan. Majmua 2019 yilda yana 15 minga yaqin ayollarni ish bilan ta`minlashni o`z oldiga vazifa qilib qo`ygan.

Hozirda tuman xotin-qizlarining hayotida katta o`zgarishlarni, mamnunlikni, xursandlikni ko`rish mumkin. Ular bilan suhbatlashsangiz, avval bunday sharoitlarni faqat orzu qilganliklarini, endilikda ushbu orzulari ro`yobini ko`rayotganliklarini ko`p takrorlashadi. Shunday ayollardan biri Nabira OMONOVA.

O`n ikki yildan beri barak uyda, bitta xonada farzandlarim bilan yashab keldik, sharoitlari yo`q edi. Mana bugunga kelib bizga yangi uy-joylar qurib berildi. Bir ayol uchun kerak bo`ladigan hamma sharoitlarimiz bor. Avval namunali uylarni ko`rsak, biz ham shunaqa uylarda yasharmikanmiz, deb orzu qilardik. Ustiga ustak ishsiz edik. Ishlagan ayollarni ko`rsak havas qilardik. Yangi tikuvchilik majmuasi ochilgach, ishli bo`ldik. Hozir bekorchi vaqtimiz yo`q, ishga boramiz, ishdan kelamiz... Farzandlarimiz esa bog`chada, maktabda. Bizga shunday shart-sharoitlar yaratib berilganidan behad xursandmiz.

— Yangi namunali uylar aholiga 20 yil muddatga, 7 foizli, imtiyoz davri 4 yillik bo`lgan kreditlar asosida topshirildi, - deydi Jizzax viloyati hokimining o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Nazira MUXTOROVA.Yangi uy egalari ish bilan ta`minlandi, daromad manbalari shakllantirildi va yangi uylari uchun kredit mablag`larini to`lashga imkoniyat yaratildi. Jumladan, 160 dan ziyod ayol-qiz tumanda ish boshlagan tikuvchilik majmuasiga joylashtirildi. Bu erda ular o`rtacha 650-700 mingdan 1 mln.gacha va undan yuqori oylik maosh olish, bundan ma`lum qismini kreditga sarflab, boshqa ehtiyojlariga ham orttirish imkoniga ega bo`ldi.

Qabriston ham obod bo`ldi

Mirzacho`l tumanidagi “Ko`k terak” qabristoni 1969 yilda barpo etilgan. Qishloq fuqarolar raisi Ixtiyor XOLBOEVning aytishicha, qabriston ikkiga bo`lingan, ya`ni musulmonlar va xristianlar qabristoni hisoblanadi. 2018 yilning aprel oyida bu erda katta obodonlashtirish ishlari boshlandi. Ikki oy mobaynida qarovsiz qolgan qabrlar tekislandi, hudud tozalandi. Qabristonga olib keluvchi 6 km.lik yo`l asfalt qilindi.

Bugun 49 mingdan ziyod aholisi bo`lgan Mirzacho`l gulistonga aylandi, yangi qiyofa kasb etdi. Davlat rahbari ta`kidlaganidek, Mirzacho`lda qilingan ishlar yaxshi tajriba, namuna bo`ldi. Endi Jizzax viloyatining har bir tumani markazini shu tarzda obod qilish, zarur qurilish-ta`mirlash ishlarini shu yilning o`zida yakunlash kerak.

Munisa ALIEVA tayyorladi

Toshkent-Jizzax-Toshkent

Foto: Xalqaro Press-klub

    Boshqa yangiliklar