O`zbek sporti tarixida ilk marotaba xalqaro ayollar kuniga bag`ishlangan katta sport bayrami – «Nafosat-2019» ayollar spartakiadasi bo`lib o`tadi. Musobaqa Milliy olimpiya qo`mitasi hamda O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi hamkorligida, ayollar orasida sport va jismoniy tarbiyani ommalashtirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish maqsadida tashkil etiladi.
Ayni paytda Respublikamiz bo`ylab musobaqaning saralash bahslari davom etmoqda. Bellashuvlar sportning gandbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi va velosport turlari bo`yicha o`tkaziladi. Rejaga ko`ra, 1-2 mart kunlari poytaxtimizda final bahslari bo`lib o`tadi. Musobaqa g`olib va sovrindorlari diplom, medal va esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishadi.
MOQ xabariga ko`ra, “Nafosat-2019” spartakiadasining taqdirlash va tantanali yopilish marosimi esa 3 mart kuni «O`zbekiston» sport majmuasida bo`lib o`tadi.
Tantanali yopilish marosimi yuqori saviyada tashkil qilinishi kutilmoqda. Tadbirga engil atletikaning langarcho`p bilan sakrash yo`nalishida ikki karra Olimpiya o`yinlari chempioni (2004, 2008), uch karra jahon chempioni, yopiq inshootlardagi jahon chempionatining to`rt karra g`olibasi, Evropa chempioni, 28 marotaba jahon rekordini o`rnatgan afsonaviy Elena Isinbaeva tashrif buyuradi. Shu kuni muxlislar o`zbek estradasining yorqin yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturiga ham guvoh bo`lishlari mumkin.






