“Bugungi kunda odam savdosi jamiyat taraqqiyotiga raxna soluvchi, insoniyatni tubsiz jarlik sari etaklovchi omillardan biri bo`lmoqda. Bu muammo tobora ildiz otib, butun er yuzida odamlarning hayotiga xavf tug`dirayotgani ham ayni haqiqat. Loqaydlik, e`tiborsizlik, kaltabinlik, johillik va shu kabi boshqa illatlar bor ekan, insoniyat bu “qopqon”ning o`ljasiga aylanaveradi Mazkur maqolada qahramonlar bu illatga giriftor bo`lganlar haqida hikoya qiladilar.
“QO`ShNIMNING QIZI ADAShDI”
“Darmiyon qo`shnimizning bo`yi etgan bir qizi bor edi. U maktabni tugatib, allaqaysi korxonaga ishga joylashib olgandi. Ishlaganining uchinchimi yo to`rtinchi oyimidi, aniq esimda yo`q, birdan “Rossiyaga ketaman” deb turib oldi. Avvaliga onasi, singillari qarshilik qilishdi. Agar otasi hayot bo`lganida u ham shubhasiz norozi bo`lardi. Qiz esa o`z maqsadiga erishdi: chipta sotib olib, Rossiyaga jo`nab ketdi. Borgan paytlari tez-tez bo`lmasa ham ahyon-ahyonda qo`ng`iroq qilib turardi. Keyin suv tubiga cho`kkan toshdek jimilib ketdi. Bundan onasi tinchini yo`qotdi, yuragi kasal bo`lib qoldi.
Bir kuni to`rmush o`rtog`im, ikkimiz Rossiyaning “NTT” kanalini tomosha qilib o`tirgandik. Qo`lga olingan jinoyatchilar haqidaga ko`rsatuv edi. Ko`rsatuvni ko`rib o`tirgan xo`jayinim ziyrak tortib, televizor ovozini ko`tardi. Shu mahal telefonim kuy taratib, men eshikka chiqdim. Bemavrid sim qoqqan tanishim bilan gaplashib bo`lib, ortimga qaytsam, xo`jayinim rang-holi o`zgarib, boshqacha kayfiyatda o`tirgan ekan. Birdan nigohi menga tushib:
-Buning qizi buzilibdi-da,-dedi qizi Rossiyaga ketgan yon qo`shnim uyi tarafiga imo qilib.
-Nima?,-dedim hech narsaga tushunmay. Turmush o`rtog`im tushuntirishga tushdi.
-Rossiyada fohishalik qilib yurgan ayollarni ko`rsatishdi. Mana bu bedarak ketgan qo`shnimizning qizini ham aniq ko`rdim. Hatto, intervyu ham berdi. Meni bu yo`lga boshlagan O`zbekistondagi dugonam, u bilan avval bir joyda uch oy ishladim, so`ng u meni aldab bu yurtga olib keldi, dedi. Tushunyapsami, dugonasiing o`zi buzuq ekan. Bu bechorani ham shu rasvo yo`lga boshlagan-da keyin…
“NTT”dagi bu ko`rsatuvni boshqa qo`shnilar ham ko`rishgan ekan. Toza gap-so`z bo`ldi. Bu mojaro ikki kunda yoyilib ketdi. Sho`rlik qo`shnim bu sharmandalikni ko`tara olmadi. Kasali og`irlashib, to`shakka mixlandi. Bir yilga bormay vafot etdi. Bolalari esa ta`ziya marosimidan so`ng uyni sotib, allaqaerga ko`chib ketishdi. Oilasiga isnod keltirgan qizning keyingi taqdirini bilmayman. Menimcha, u Rossiyada qolib ketgan bo`lsa kerak. Mana shu voqea sabab, qizlarimni tergaydigan, ularnig har bir bosgan izlarini nazorat qiladigan bo`lganman”.
Sarvar xola, Nukus.
“QOShIQ BILAN ERNI O`YIB, QUTILIShGAN”
“Tuzukkina duradgorlik qilib, ro`zg`orini tebratayotgan akam he yo`q, be yo`q, birdan “Qozog`istonga ketaman”ga tushib qoldi. Hammamiz hayron qoldik. Alohida uy qurib, ko`chib chiqqan, turmushini yo`lga qo`yib olgandi. Yangam ham ishlaydi. Kamchiliklari yo`q edi. “Mashina olaman, uyni boshqatdan quraman”, deb havoyi orzularga berildi. Men “kim bilan borasiz, hali birinchi borishingiz bo`lsa, qiynalib qolishingiz mumkin”, deb ogohlantirdim. Akam baribir, ko`nmadi. Bir hafta o`tib, safarga taraddud ko`rayotganini, yangi kiyim-bosh va bosha mayda-chuyda narsalar xarid qilganini eshitdim. Uni kim yo`ldan og`dirganiyu kim bilan birga borayotganini bilmasdim. So`rasam ham tuzuk javob bermadi. Shunday qilib, o`z bilganidan qolmadi. Jo`nab ketdi.
Akam Qozog`istonga borgan zahoti “men keldim”, deb uydagilarga sim qoqqan, ularning ko`nglini tinchitgan, keyinchalik ham telefon qilib turgan. Biroq safarga ketganining keyingi oyidan boshlab umuman telefon qilmay qo`ydi. Uydagilar tinchi yo`qoldi. Shu daraksiz ketgani besh oyga cho`zildi. Bu paytga dovur na eganimizda, na ichganimizda maza bo`ldi. Bir kuni oqshom mahali televizor ko`rib o`tirsam, telefon bo`lib qoldi. Quloqqa tutsam, yangam, yig`lamsirab, “Tez keling”, dedi. Oyog`imni qo`limga olib akamni uyiga chopdim. Kelsam, besh oy na xabar, na pul yuborgan akajonim bir o`yga botib o`tirgan ekan. Soch-soqollari o`sgan, ozib-to`zgan, bir ko`rishda tanib bo`lmasdi. Suyunganimdan uni quchoqlab oldim. Keyin nafasini rostlab olib, hammasini gapirib berdi. Ishchilarni ish bilan ta`minlashni va`da bergan va shu maqsadda ularni Qozog`istonga olib borgan o`ttiz yoshlar atrofidagi yigit firibgar chiqibdi. U akam qatori hamma ishchilarni bir qozoqqa pullab, juftakni rostlagan ekan. Kozoq brigadir ishchilarning hujjatlarini tortib olib, ularni qulday ishlatibdi. Eb-ichishga kuniga bittadan buxanka, bir kosa suv beribdi. Kechqurun yotish uchun ishchilarni erto`laga joylashtiribdi. Akam yurtdoshlari bilan har tunda erto`la devori tagini qoshiq bilan kovlab, uch oy deganda o`yib chiqishibdi va sahar payti qochishibdi. Yo`lni ancha vaqt piyoda bosishgan ekan. Shuncha xo`rliklarni boshidan kechirgani, qiynalganiga achindim. U boriga qanoat qilmay, hech birimizning gapimizni olmaganiga afsuslandi. O`shandan buyon xorijda ishlab kelishni birov maslahat bersa, yuzini burib ketadi”.
Tohir, Surxondaryo.
“JON JIGARINI PULLAGAN JUVON”
“Kinolarda ko`rganim, kitoblarda o`qiganim ayanchli bir voqea o`z hayotimda sodir bo`ldi. To`g`rirog`i, guvohi bo`ldim. Tug`ruqxonada ikkinchi farzandim, qizimni dunyoga keltirdim. Men joylashgan palatadan yana ikkita homilador juvon ham bor edi. Farzandim tug`ilgan kunning ertasiga xonadoshlarimdan birining ko`zi yoridi. U o`g`il chaqaloq qilgan ekan. Juvon bolani dunyoga keltirdiyu, birdan to`nini teskari kiyib oldi. Boladan shundaygina osongina voz kechib qo`ya qoldi. Oldin sezmagan ekanman, uning bir akaxoni avval kelib, shifokorlar bilan til biriktiribdi:bola tug`ilgach, uni ancha yillardan beri farzand ko`rmay yurgan bir oilaga xatlab berishi kerak ekan. Juvonning esa hali turmushga chiqmagani ma`lum bo`ldi. Uch kun bir palatada aft-angori odamu, sifat-siyrati noodam bir maxluq bilan yashagan ekanman. Hatto, ongsiz jonzot ham o`z tuqqan bolasini himoyasiga oladai, uni parvarishlaydi, biroq hech qachon voz kechmaydi. Shu voqeani o`ylasam, yuragim bir zirqirab ketadi. Dunyoda shu singari nokas, vijdonsiz odamlar borligidan o`kinasan kishi”.
manba: bekajon.com