AsosiySport

Samvel Babayan "Lokomotiv" klubida ish boshladi

'Samvel Babayan "Lokomotiv" klubida ish boshladi'ning rasmi

O`zbek futbolidagi taniqli mutaxassislardan biri Samvel Babayan “Lokomotiv” futbol klubida faoliyat olib boradi. U temiryo`lchilar futbol klubi prezidenti maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.

Samvel Babayan asosan “Paxtakor” futbol klubidagi uzoq yillik faoliyati orqali futbol jamoatchiligiga tanilgan. Uning boy tajribasi hamda o`zbek futbolidagi samarali mehnatini inobatga olgan holda “Lokomotiv” professional futbol klubi Babayanni ishga taklif qildi.

Samvel Babayan “Paxtakor”dagi faoliyati davomida ko`plab yutuqlarni qo`lga kiritgan. U rahbarlik qilgan yillarda “sherlar” 9 marotaba mamlakat chempioni hamda 8 karra O`zbekiston kubogi g`olibi bo`lgan. Bundan tashqari “Paxtakor”ning ikki bora (2002/2003 va 2004 yillar) Osiyo chempionlar ligasi yarim finaliga etib borishida, 2002 yilgi mavsum yakunlariga ko`ra “Osiyoning eng yaxshi klubi”, deb topilishida, shuningdek 2007 yilgi MDH kubogida g`olib chiqishida ham ushbu mutaxassisning hissasi katta.

Bundan tashqari Babayan O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida ham ishlagan. Shuningdek, Samvel Vyacheslavovich turli yillarda O`zbekiston Olimpiya, yoshlar va o`smirlar terma jamoalariga “Paxtakor” klubi menejeri sifatida 200ga yaqin futbolchilarni tarbiyalab bergan. Yana qo`shimcha qilish joiz, Samvel Babayan o`zbek futboliga qo`shgan hissasi tufayli ikki bor O`zbekistonda “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, deb topilgan.

Ushbu mutaxassisning katta tajribasi endilikda “Lokomotiv” futbol klubini ham yangi bosqichga olib chiqishda qo`l kelishi mumkin. Samvel Babayan zimmasiga klub tomonidan quyidagi vazifalar yuklangan:

1. Klub infratuzilmasini ko`tarish hamda yangi bosqichga olib chiqish;

2. “Lokomotiv” bolalar va o`smirlar futbol maktabini rivojlantirish va zamonaviy faoliyat yuritishini yo`lga qo`yish;

3. Klub material-texnik bazasini yanada shakllantirish hamda buning uchun kerakli barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Shu o`rinda ta`kidlash joiz, Babayan O`zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan umrbod futboldan chetlatilgan edi. Bundan xulosa qiladigan bo`lsak, O`FA Babayanni kechiribdida.

    Boshqa yangiliklar