Joriy yilning 2-12 mart kunlari Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida Butunjahon qishki universiada o`yinlari o`tkazilmoqda. Ushbu nufuzli sport anjumanida O`zbekiston sport delegasiyasi ham ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.
Musobaqada yurtimiz sharafini Ali To`xtaev va Ivan Merkushin murabbiyligida Komiljon To`xtaev (tog` chang`isi), Damir Buxarbaev (tog` chang`isi), Aldiyor Gaipov (tog` chang`isi), Ekaterina Lyabina (snoubord) hamda Jasur Mahmudov (snoubord) himoya qilmoqda.
Ayni paytda sportchilarimiz musobaqa o`tkazilayotgan inshootlarda bo`lajak bahslarga jiddiy tayyorgarlik ko`rishmoqda.
Eslatib o`tamiz, universiada – Xalqaro talabalar sporti federasiyasi (FISU) shafeligida talabalar o`rtasida, Olimpiya sikldan farqli ravishda har ikki yilda bir marotaba o`tkaziladigan xalqaro musobaqa hisoblanadi. Bahslarda 17 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan talabalar va musobaqa o`tkazilayotgan yilda diplom olgan bitiruvchilar ishtirok etishlari mumkin.
Bu galgi Universiadada qatnashayotgan davlatlar soni rekord darajani qayd etib, 58 ta mamlakatidan 3000 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Talaba-sportchilar biatlon, tog` chang`isi, kerling, chang`i poygalari, snoubord, konkida figurali uchish, fristayl, xokkey, to`pli xokkey, chang`ida mo`ljalni olish va short-trek kabi 11 ta sport turi bo`yicha 76 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishmoqda.
Ma`lumot uchun: Krasnoyarsk shahrida o`tkazilayotgan Butunjahon qishki universiada o`yinlari qishki sport turlari rivojlangan Norvegiya, Shvesiya, Finlyandiya, Kanada hamda qishki sport turlari keng ommalashmagan Afg`oniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Liviya davlatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Eng ko`p sportchi bilan Rossiya (293 nafar), Shveysariya (99 nafar) va Xitoy jamoalari (79 nafar) ishtirok etayotgan bo`lsa, Islandiya va Meksika jamoalarida bir nafardan, Lixtenshteyndan ikki nafar sportchi qatnashmoqda.






