Kecha Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida "O`zbegim ayoli" Milliy mukofotini tantanali topshirish marosimi bo`lib o`tdi.
"Milliy" telekanali tomonidan uyushtirilgan mazkur anjumanga adabiyot, san`at, fan, madaniyat, badiiy ijod va boshqa jabhalarda uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar, onaxonlar, yosh ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.

8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida o`tkazilgan ushbu tadbir mamlakatimizda ayollarga ko`rsatilayotgan yuksak e`tiborning, davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatda xotin-qizlar, ularning taqdiri, jamiyat hayotidagi faolligini ta`minlash masalalari alohida o`rin tutishining yana bir isboti bo`ldi, desak, aslo mubolag`a emas.

Tadbirda 17 nafar hamyurtimiz turli nominasiyalar bo`yicha taqdirlandi. Quyida barcha nominasiya va ularning sohibalari xususida batafsil ma`lumot beramiz.
“Eng jasoratli ayol” nominasiyasi — Nargiza Arslonova, “Toshkent City” qurilishida kran mashinisti.
“Irodali ayol” nominasiyasi — Iroda Rapikova, alpinist, O`zbekiston chempioni.
“Qobiliyatli ayol” nominasiyasi — Ra`no Bobobekova, styuardessa. “O`zbekiston havo yo`llari” AJ xodimi.
“Sabotli ayol” nominasiyasi — Latofat Ro`zieva, Jizzax oliy harbiy aviasiya bilim yurti xodimi, oddiy askar.
“Dovyurak ayol” nominasiyasi — Zulxumor Alieva, FVV xodimi.
“Fidoyi ayol” nominasiyasi — Zoya Izbosarova, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ “Qo`ng`irot mintaqaviy temir yo`l uzeli” unitar korxonasida katta naryadchik.
“Bardoshli ayol” nominasiyasi — Xushvaqt Jo`raeva, Buxoro viloyatilik kasanachi.
“Oilaparvar ayol” nominasiyasi — Ziyoda Gadoeva, tadbirkor, 30 yildan buyon asalarichilik bilan shug`ullanadi.
“Shijoatli ayol” nominasiyasi — Guliston Jovlieva, fermer, 20 yildan beri qishloq xo`jaligi sohasida traktor va kombayn haydaydi.
“Kurashuvchan ayol” nominasiyasi — Dilfuza Musaeva, Xorazm viloyati perinatal markazining asoratli homiladorlar bo`limi mudiri.
“Matonatli ayol” nominasiyasi — Vazira Shokirova, tadbirkor, bundan 21 yil oldin onkologik xastalikka chalingan. Shifokorlar unga og`ir tashxis qo`yib, yashashiga umid kam ekanligini aytishgan. 20 yildan beri kasallikni engib kelmoqda.
“G`amxo`r ayol” nominasiyasi — Rayhon Rustamova, pedagogika fanlari nomzodi, xalq ta`limi a`lochisi, surdopedagog.
“Mehribon ayol” nominasiyasi — Muharram Mahmudova, Farg`ona viloyatidagi “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyi sanitar enagasi.
“Qat`iyatli ayol” nominasiyasi — Roziya Ergasheva, engil atletikaning nayza uloqtirish sport turi bo`yicha 7 karra O`zbekiston chempioni, paraosiyo o`yinlari g`olibi.
“Zehnli ayol” nominasiyasi — Zarifa Eshmirzaeva, olima, “Oltin meros” xayriya jamoat fondi rahbari, 600 dan ortiq ilmiy maqolalar va adabiyotlar muallifi.
“Bag`rikeng ayol” nominasiyasi — Munavvar Pardaeva, nafaqaxo`r, hayoti davomida 60 nafar bolani asrab olib, ularni katta hayotga kuzatgan, oilali qilgan, ota-onasidek g`amxo`rlik qilgan bag`rikeng ayol.
“Eng yoshi ulug` onaxon” nominasiyasi — Huvaydo Umarova — Farg`ona viloyatida butun umr og`ir xo`jalik ishlari, paxta etishtirish, dehqonchilik, pillachilik bilan shug`ullangan mehnatkash ayol. 124 yosh.

G`oliblarga statuetka, qimmatbaho sovg`alar va pul mukofoti yozilgan vaucherlar topshirildi.

Tadbirga estrada xonandalari hamda san`at ustalarining konserti alohida fayz bag`ishladi.
