7 mart kuni soat 10:00dan O`zbekistonning turli hududlarida Uzcard to`lov tizimida nosozliklar kuzatila boshlandi. Ba`zi hududlarda esa tizim umuman ishlamay qoldi. Payme to`lov xizmati balansdagi mablag`ni ko`rsata olmay qoldi, to`lov terminallar orqali to`lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatildi. Iste`molchilar tizimdan foydalanuvchilar xarid vaqtida terminallar orqali to`lovlar amalga oshirilishida muammolarga duch kelishgani, turli ilovalar orqali kartadagi mablag`ni ko`ra olmaslik kabi holatlar to`g`risida ma`lum qilishdi.
Yagona umumrespublika prosessing markazi (YaUPM) matbuot xizmati izoh berishicha, Uzcard tizimi faoliyatidagi qisqa muddatli uzilishlarga Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida tranzaksiyalar sonining oshgani sabab bo`ldi.
Ayni vaqtga kelib tizim barqaror ishlamoqda.
«Bayram oldidan tranzaksiyalar soni bir necha martaga oshdi va ayrim terminallarda muntazam uzilishlar kuzatilmoqda, tranzaksiyalar sekin kechmoqda. Bu 2−3 soat davomida kuzatiladi», deyiladi Uzcard matbuot xizmati xabarida.
Ma`lum bo`lishicha, soat 10:00da Respublika bo`yicha 464 288ta tranzaksiya amalga oshirilgan. Nosozliklar sababli soat 11:00da 281 087taga tushib ketgan.
"YaUPM uzilishlar kuzatilmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini" qayd etib o`tgan.
Eslatib o`tamiz, 2018 yil 15 sentyabrdan 17 sentyabrgacha butun respublika bo`yicha ishlamay qolgandi. Natijada ikki kun mobaynida millionlab o`zbekistonliklar xarid qobiliyatidan mahrum bo`lib qolishdi. Tizim ishdan chiqishi O`zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta`sir ko`rsatdi. Ushbu nosozlik oqibatida davlat, turli hisob-kitoblarga ko`ra, uch kunda taxminan 27 milliard so`m pul yo`qotgan. O`sha nosozliklardan so`ng , Uzcard’ga raqobatchi boshqa prosessing markazi ishga tushirilishi ma`lum bo`lgandi.
Ayni vaqtda Humo brendi ostidagi yangi prosessing markazi faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.






