AsosiyJamiyat

Amerikalik talabalar O`zbekistonga keldi

'Amerikalik talabalar O`zbekistonga keldi'ning rasmi

AQShdagi Amerika universitetining bir guruh talabalari “Alternative break” dasturi bo`yicha O`zbekistonga keldi. Delegasiya a`zolari tashrif davomida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida ko`ngilli yoshlar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o`zbekistonlik ko`ngilli yoshlar va oliy ta`lim muassasalari talabalari bilan o`zaro ochiq muloqot qildi.

—“Muqobil ta`tillar” dasturi doirasida o`zbek xalqining tarixi, urf-odati va milliy taomlari, yurtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat, shuningdek, O`zbekiston yoshlari bilan ta`lim sohasida o`zaro fikr almashish maqsadida tashrif buyurgan xorijlik talabalar ko`ngillilar faoliyatini keng targ`ib qilishga qaratilgan loyihalari bilan o`rtoqlashmoqda, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri Munisa Nurmatova.

Xorijlik talabalar AQShdagi ko`ngilli jamoalar tajribasi va amaliyoti haqida o`zbekistonlik ko`ngilli yoshlar bilan tajriba almashdi. Amerika universitetining “Muqobil ta`tillar” dasturi doirasida O`zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “Yoshlarning diplomatiya va xalqaro munosabatlardagi o`rni” mavzuiga bag`ishlangan konferensiya o`tkazilishi rejalashtirildi.

—“Muqobil ta`tillar” dasturi 1993 yilda AQSh universitetlari tizimiga kiritilgan bo`lib, dastur Amerika va dunyoning boshqa mintaqalaridagi yoshlar bilan tanishuv, ma`lumot almashinuvi maqsadida oliy ta`lim muassasalari bilan faoliyat olib bormoqda, – deydi Amanda Martinez. — Amerika universitetining oldingi dasturlari Janubiy Afrika Respublikasi, Gaiti, Isroil, Keniya, Moldaviya, Hindiston va boshqa mamlakatlarida amalga oshirilgan. Bu yilgi o`quv yilida Tanzaniya, Vetnam, O`zbekiston, Kuba, Gaiti, Shimoliy Irlandiya, shuningdek, Texas va Yangi Orlean shtatlariga sayohatlar uyushtirilyapti. Dastur xarajatlari Amerika universitetining ko`magi bilan talabalar tomonidan qoplanadi.

Delegasiya suhbatda o`z faoliyati bo`yicha ma`lumot berib, AQShdagi ixtiyoriy amaliyot xususida so`z yuritdi. Ko`ngillilarning jamiyat ravnaqiga qo`shayotgan hissasi, ushbu maqomning afzallik jihatlari bilan bog`liq fikr-mulohazalar yuritildi.

O`zbekistonda ko`ngillilik madaniyatini rivojlantirish imkoniyatlari va uni targ`ib qilishning qo`shimcha usullari o`zaro muhokama qilindi.

—Men turkiy xalqlar milliy urf-odatlari va an`analariga juda qiziqaman. Ko`ngilli sifatida yillar davomida Turkiya, Xitoy kabi bir qator davlatlarda faoliyat olib bordim. Bu vaqt ichida Chet tillarini o`rgandim, – deydi amerikalik talaba Peter Ter. —Faoliyatim davomida moddiy manfaatdan ko`ra tajriba oshirishga ko`proq etibor qaratdim. Bugun esa birin-ketin maqsadlarimga erishyapman.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar