Kuni kecha Toshkent Moliya institutida “Yoshlar – kelajagimiz”
jamg`armasi Toshkent Moliya instituti bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Endi institut yoshlarining tadbirkorlik sohasida amaliy bilim va ko`nikmalarni egallashlari uchun imkoniyatlar, shart-sharoitlar ancha kengayadi. Talabalarning biznes tashabbuslari, startaplari, g`oyalari va loyihalarini ro`yobga chiqarishida ham Jamg`arma o`z ko`magini ayamaydi.
Mazkur hamkorlik shartnomasi yoshlarning ishbilarmonlik qobiliyatlarini rivojlantirib, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etadi. Shuningdek, biznes tashabbuslarini rag`batlantirib, intellektual salohiyatini ruyobga chiqarishlarida tirgak bo`ladi.
Tadbirda bo`lg`usi iqtisodchilarga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to`g`risida” 2018 yil 27 iyundagi PF-5466-son Farmoni va uning mazmun-mohiyati hamdaDavlat-xususiy sheriklik shartlarida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish hamda faoliyatini tashkil etish tartibi to`g`risida atroflicha ma`lumotlar berildi.
Toshkent Moliya instituti memorandum asosida “ Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi mohiyatini yoshlar orasida targ`ib qilishda bilim va ko`nikmalarga ega talabalarni saralab, institut targ`ibot guruhiga tavsiya etilgan yosh olimlar va talabalar ro`yxatini shakllantirib boradi. Bundan tashqari “Moliya” “Loyihaviy boshqaruv”, “Menejment”, “Bank ishi”, “Buxgalteriya hisobi” sohalaridagi mavzularda bakalavr malakaviy diplom ishi, magistrlik va doktorlik dissertasiyasini yoqlamoqchi bo`lgan, ilmiy-malakaviy ishi Jamg`arma faoliyati bilan bog`liq bo`lgan talabalar va yosh olimlarni Jamg`armaga tavsiya qiladi. Talabalar ixtiyoriy ravishda yozgi va bitiruv amaliyotlarini Jamg`armada o`tkazishlari uchun yo`naltiriladi.
Hattoki tegishli bilim va ko`nikmalarga ega bitiruvchilar ta`limdan so`ng Jamg`armada faoliyat yuritishlari mumkin.
Kelgusida ikki tomonlama qurilgan mustahkam aloqalar institut talabalarining o`z biznesini tashkil kilishiga shuningdek, yoshlar bandligi va daromadlarining o`sishini ta`minlashga xizmat qiladigan kichik, xususiy va oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning turli shakllarini rivojlanishiga poydevor bo`ladi.
Shahnoza Nurullaeva






