AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda xalqaro musobaqada bosh sovrinlar munosib polvonlarga nasib etdi (foto)

'Qashqadaryoda xalqaro musobaqada bosh sovrinlar munosib polvonlarga nasib etdi (foto)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil dekabr oyida Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashriflari davomida Qorabayir zotli otlarning dovrug`inin keng yoyish maqsadida Navro`z bayrami arafasida Xalqaro ko`pkari o`yinlarini o`tkazish bo`yicha topshiriq berilgan edi.

Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida Navro`z bayrami arafasida Xalqaro ko`pkari va milliy xalq o`yinlari musobaqalari bo`lib o`tdi.

Xalqaro ko`pkari musobaqasi 2019 yil 18 mart kuni Kitob tumanining tog` yon bag`rida joylashgan, so`lim "Qaynar" qishlog`i hududida bo`lib o`tdi. Musobaqa doirasida milliy kurash, arqon tortish, tosh ko`tarish, qo`chqor, xo`roz urishtirish kabi milliy xalq o`yinlari ham o`tkazildi.

18 mart kuni yurtimiz polvonlari va mohir chavandozlari Kitob tumani Qaynar qishlog`i yaqinidagi kengliklarda jam bo`lishdi. Bu erda Navro`z bayrami munosabati bilan xalqaro ko`pkari va kurash musobaqalari o`tkazildi.

Millatimizning azaliy qadriyatlarini keng tarannum etish, yurtimiz turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladigan har ikkala musobaqada murosasiz kurashlar asosida mutlaq g`oliblar aniqlandi.

Maydonda or-nomus, g`urur talashish polvonlarning qonida bor. O`zbek yigiti bolaligidan bilagiga kuch, boshiga aql yig`adi. Xalqimizda ot minishga, ko`pkari tomosha qilishga qiziqmagan yigit kam bo`lsa kerak.

Ko`pkari oddiy ko`ngilochar o`yin emas, u erni er qiladigan, unda mardlik, jasurlik, epchillik va dovyuraklikni shakllantiradigan jiddiy mashg`ulot. Asosiy masala sovringa qo`yilgan qimmatbaho narsa emas, aksincha, bakovulning adolati, nomdor chavandozning abjirligi, haqiqat g`alaba qozonishi, omad doim mardniki bo`lishidir.

Ko`pkari o`yini ham murosasiz olishuvlarga boy bo`ldi. Prezident sovrini uchun Markaziy Osiyo davlatlari, qo`shni Afg`oniston chavandozlari ham ot choptirgan ko`pkarida shahrisabzlik Sirojiddin Jovliev “Fonar” laqabli oti bilan g`oliblikni qo`lga kiritib, “Chevrolet Lacetti” avtomobilini mukofot sifatida qabul qilib oldi.

Kurash musobaqasida esa g`uzorlik Sherali Jo`raev mutlaq vazn toifasida g`olib chiqib, bosh sovrin - "Spark" avtomobilini qo`lga kiritdi. Shuningdek, kurash bo`yicha ayollar o`rtasida ham g`olib va sovrindorlar aniqlandi.

Musobaqada gilamga chiqib, g`oliblikni qo`lga kiritgan polvonlar ham, uloq ayirgan chavandozlar ham tuya, toy, qoramol, qimmatbaho maishiy texnika buyumlari va pul mukofotlari bilan rag`batlantirildi.

Qaynar qishlog`i yaqinidagi kengliklarda Navro`z bayrami munosabati bilan ko`pkari bilan birga kurash, chovg`on, arqon tortish va qo`chqor va xo`roz urishtirish kabi o`yinlar ham o`tkazildi.

Suratlarni Murodillo Komilov olgan.

    Boshqa yangiliklar