1

Golni dabdabali nishonlash ham san`at

Sport 17.11.2014, 12:49
Golni dabdabali nishonlash ham san`at

Gol - futbol harakatidagi eng ko`p kutiladigan oliy maqomdagi holat. Tabiiyki, u to`pni darvozaga yo`llagan futbolchiga ulkan quvonch bag`ishlaydi. Gohida o`ta ulkan... Football.ua saytining quyidagi maqolasi futbol tarixidagi quvnoq hodisalar haqida. Aniqrog`i, golni nishonlashga bog`liq ajabtovur «ijod»lar xususida.

Niqobga qarshi «qizil»

Bir necha yil oldin Braziliyaning «Santos» klubi Libertadores kubogi doirasida «Kolo-Kolo» (Chili)ni qabul qiladi. O`yinning 52-daqiqasida o`sha vaqt katta umid uyg`ota boshlagan Neymar o`z odatiga ko`ra, raqibning butun himoya chizig`ini «chuv» tushirgan holda, «Santos»ning uchinchi golini o`ta osonlik bilan uradi. Quvonch tug`yoni ichida qolgan yosh hujumchi yuziga shaxsan o`z qiyofasi aks etgan niqobni tortadi. Faqat shunisi borki, u teskari kiyilgandi. Neymar golni nega bunday nishonlaganining sababi hech kimga ma`lum emas. Fakt shuki, bu «hunar»dan so`ng uchrashuv hakami bir zum ham o`ylanib o`tirmay, hujumchini maydondan chetlatgan. Tabiiyki, Neymar referining qaroridan norozi bo`lgan va tribunaosti binosi tomon qadam bosishidan avval niqobni echib, uni jahl bilan hakamga irg`itgan. Shu joyda qo`shimcha qilish joiz, «Santos» klubi maydonda kamchilik bo`lib qolganidan so`ng chililiklar bundan foydalanib, 2ta gol urishgan va yirik hisobli mag`lubiyatdan qutulishgan.

Golni nishonlash - san`at

Zamonaviy futbolda gol tantanasini original tarzda uyushtiradigan futbolchilar yoki jamoalarni topish qiyin.Originallik barqaror yangiliklar bilan to`ldirib borilishini esa kutishga ham hojat yo`q. Lekin Islandiyaning «Styarnan» klubi futbolchilariga bu borada qoyil qolsak arziydi. Muxlislar ulardan nafaqat gollar, balki ularni yangicha nishonlash usulini kutishga o`rganib qolishgan. To`g`ri, islandiyaliklar har bir o`yinda yangi «ijod»larini ko`rsatishmaydi, biroq bitta «hunar»ni ham uzoq ushlab ololmaydilar. Aytishlaricha, ular hattoki, mashg`ulotlar yakunlangach, ma`lum vaqt maydonda qolib, aynan golni qanday nishonlash haqida bosh qotirishar ekan.

Parodiyachi Bullard

Jimmi Bullard doimo quvnoq futbolchi sifatida ko`zga tashlangan. Uni bu borada braziliyalik David Luiz bilan taqqoslash mumkin. Jimmi ham xuddi Luiz kabi har lahzada kulish yoki hazillashishga asos topadi. Ularning tashqi ko`rinishlari ham o`xshash. Aytaylik, har ikki futbolchi qo`ng`irsoch. Xullas, Angliya premer-ligasi doirasidagi o`yinlardan birida «Xall Siti» klubi «Manchester Siti» bilan o`ynaydi va oxirgi daqiqalarda penalti tepish huquqini qo`lga kiritadi. 11 metrli zarbani muvaffaqiyatli bajargan Bullard golni o`z jamoadoshlari davrasida nishonlashga shoshiladi. Ajo­yib sahna: barcha futbolchilar doira hosil qilib o`tirishadi, Jimmi esa tik turgancha ko`rsatkich barmog`i bilan qandaydir imo-ishoralar qiladi, go`yoki, barchani nima uchundir koyiyotgandek... Keyinroq ma`lum bo`lishicha, ko`ng`irsoch yarim ximoyachi shunday sahna ko`rinishi orqali bosh murabbiy Fil Braunga o`xshashlikni o`ylagan. Zero, u o`yinlardan oldin o`z futbolchilariga shu tarzda ko`rsatma berishga odatlangan ekan.

Ichishni xush ko`ruvchi Merson

«Arsenal» (London)ning afsonaviy yarim himoyachisi Pol Merson alkogol ichimliklariga sal suyaki yo`qroq edi. Uning Toni Adams bilan ulfatchiligi bejiz doston bo`lgan emas. Ammo Merson birinchi navbatda, ajo­yib futbolchi hisoblanardi. Angliya kubogi doirasida «Arsenal» va «Tottenxem» o`rtasida bo`lib o`tgan o`yinda Adams aynan Mersonning qanotdan to`p uzatib berishidan so`ng gol uradi. Biroq assistent golni sherigisiz mustaqil nishonlashga qaror qiladi. U maydon chetida piyonista qiyofasini ajoyib tarzda talqin etadi: qo`llari yordamida birin-ketin stakan «bo`shatadi». Bu holat Angliya kubogi yarim finalida sodir bo`lgandi va «kanonirlar» shundan keyin hal qiluvchi bahsda «Sheffild Uinsdey»ni mag`lubiyatga uchratib, sovrin sohibiga aylanishgan.

Krauch - robot

Piter Krauch - noyob futbolchi. Uning noyobligi gavdasining tuzilishida. Piter qanchalik novcha bo`lsa, shunchalik ozg`in ham. Shu qadarki, ba`zida badanida bir foiz ham yog` yo`qdek taassurot uyg`onadi. Shu novcha futbolchi Angliya milliy jamoasi safida gol urgach, aynan noyob gavdasini ishga solgan. Yo`q, u qandaydir ixtiroga qo`l urmagan, shunchaki, allaqachon kashf qilingan robot harakatini ko`rsatgan, xolos. Alohida ta`kidlash kerak, Krauchning bu harakati ancha kulguli chiqqani barobarida biroz dahshatli ham ko`ringan. Futbolchining o`zi keyinchalik robot sahnasini qo`yidagicha izohlagandi: «Kiyinish xonasida hazil tariqasida ozgina raqs tushsam, jamoadoshlarim o`yinda gol ursam, albatta, shunday qilishimni tayinlashdi...».

Tovuqchasiga chopish va...

Karlos Teves «Boka Xuniors»da o`ynagan vaqti shunchaki, fantastik futbol ko`rsatardi. U cho`qqiga qarab yurishni aynan o`sha erda, «Bombonera»da boshlagan. Xo`sh, «Boka» futbolchisi uchun eng yaxshi narsa nima? Albatta, azaliy va ashaddiy raqib - «River Pleyt» darvozasiga gol urish. Karlos Teves «millionerlar» darvozasini shunchaki, oddiy holatda ishg`ol etmagan, u dushman «qo`rg`oni» ichida, ya`ni «Monumental» stadionida, boz ustiga, o`yinning oxirgi daqiqalarida shunday qilish uddasidan chiqqan. O`z-o`zidan tushunarliki, Karlitos darhol golni nishonlashni boshlab yuborgan. U avvaliga futbolkasini echgan, bir lahza o`tmay, jon holatda chopayotgan tovuqni tasvirlagan («jo`jalar», «tovuqlar» - «River Pleyt» futbolchilari va muxlislarini kamsituvchi laqablar, ayniqsa, «Boka Xuniors» fanatlari orasida). Tabiiyki, tomosha bosh hakamga yoqmaydi yoki u stadionda to`polon chiqmasligini o`ylaydi, harqalay, gol muallifini darhol maydondan chetlatadi. Referi yana Karlitosga nega qizil kartochka ravo ko`rganini ajoyib tarzda tushuntirib bergan edi.

Xayriyatki, oyna plastik materialdan...

Ushbu voqea Italiya quyi divizionlaridan biri, aniqrog`i, havaskorlar birinchiligida yuz bergan. Golkiperning yaqqol xatosidan foydalangan futbolchi golni maydon chetida chigalyozdi mashqlarini bajarishayotgan jamoadoshlari qurshovida nishonlashni ma`qul ko`radi. Uni sheriklari quchoq ochib kutib olishga chog`lanishadi, albatta. Biroq shu onda gol muallifining fikri o`zgarib, zaxira o`rindig`i tomon shiddat bilan yuguradi va ...uning oynasiga boshi bilan uriladi. To`g`ri, hech qanday ko`ngilsizlik kuzatilmaydi, chunki o`rindiqqa o`rnatilgan yon oyna plastik materialdan edi. Bunday «bayram»dan so`ng maydonga qaytgan futbolchi ko`z oldida qizil kartochkani ko`radi va yana ortga ravona bo`ladi. Farqi shuki, bu safar maydonni xomush holda, yana hakamga norozilik bildirgancha tark etadi.

Vidal va Bonuchchi - bokschilar

Antonio Konte «Yuventus»ni boshqargan davrida turinlik futbolchilar nafaqat o`yinchilik mahoratlarini oshirishdi, balki golni nishonlashdek nozik yumushda ham ma`lum ko`nikma hosil qilishdi. Chunonchi, yuqori o`yin sifati ko`p gol urish imkonini berdi va ularni nishonlash tantanalari ham xilma-xil tus oldi. Xullas, mavzu doirasida gapirsak, «Yuve» tomonidan «Fiorentina» tor-mor etilgan o`yinda gollardan biri Arturo Vidal hisobiga yozildi. Ma`lum bo`lishicha, chililik futbolchi uni maxsus nishonlash borasida jamoadoshi Leonardo Bonuchchi bilan avvaldan kelishib qo`ygan ekan. Ushbu duet bokschilar jangini tasvirladi - italiyalik himoyachi nokaut etkazuvchi, Arturo esa jabrdiyda rolida. Umuman, tomosha ancha chiroyli chiqdi.

Katidis - nasist

Bir necha yil oldin Gresiyada hammani hayratga sol­gan voqea kuzatildi. AEK yarim himoyachisi Giorgios Katidis samarali zarbadan so`ng muxlislar tomon yugura bora turib,  futbolkasini echishga ulgurdi va nasistlarga xos tarzda salom yo`lladi. Tabiiyki, u bu xatti-harakati bilan dunyo hamjamiyati e`tiborini o`ziga tort­di. Ko`p o`tmay, 21 yoshli yigitcha taniqli siyosatchilar va muxlislarning tanqidlari ostida qoldi. Gresiya futbol federasiyasi esa uni jiddiy jazoladi. Ya`ni umrbod milliy jamoada o`ynolmasligi haqida hukm chiqardi. «Muxlislar bilan nasistlardek salomlashishga qaror qilgan futbolchini kechirish qiyin. U bu bilan vaziyatni izdan chiqarishi hech gap emasdi. Qolaversa, ushbu harakati nasistlik tuzumining barcha qurbonlarini tahqirlash hisoblanadi. Eng achinarlisi, u futbolning sof tinchlik elchisi ekanligiga putur etkazdi» - Gresiya futbolining rasmiy kishilari shunday bayonot berishgandi

Manba: www.interfutbol.uz

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1