1

UMS mobil operatori ums.uz domeniga avval egalik qilgan «UMS» fabrikasiga mebel buyurtma berdi

Hi-tech 19.11.2014, 16:24
UMS mobil operatori ums.uz domeniga avval egalik qilgan «UMS» fabrikasiga mebel buyurtma berdi

1 dekabrdan ish boshlashi kutilayotgan Universal Mobile Systems (UMS) mobil operatoti «Uyut Mebel Servis» MChJga o`zining Toshkent shahridagi bosh ofisi uchun mebel-jihozlar buyurtma berdi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.

Mebel fabrikasi vakillarining ma`lum qilishicha, ayni paytda mobil operator bilan bu borada shartnoma tuzib bo`lingan va yaqin orada tegishli mablag` o`tkazib berilishi kutilmoqda. Bu haqda Universal Mobile Systems rasmiy ma`lumot bermagan.

Ayni vaqtda, Fotofakt.uz saytida qayd etilishicha, UMS mobil aloqa operatori internetda «ums-mebel.uz» domeniga ko`chib o`tgan «Uyut Mebel Servis» mas`uliyati cheklangan jamiyatining yirik buyurtmachisiga aylangan.

Unga ko`ra, ushbu mebel fabrikasi yangi aloqa operatorining O`zbekistondagi barcha asosiy dilerlik markazlari (taxminan 600 taga yaqin)ga o`z mahsulotlari – mebellarini etkazib bera boshlagan.

Biroq «Uyut Mebel Servis» direktori o`rinbosari Shavkat Sharafutdinovning Daryo.uz’ga ma`lum qilishicha, shartnoma faqat Toshkent shahridagi bosh ofisiga jihozlarini etkazib berish uchun tuzilgan. Yangi operator katta miqdordagi mebel sotib olish uchun esa 2015 yilda tender e`lon qilishi aytilgan.

Avvalroq O`zbekistonda yangi ochiladigan UMS aloqa operatori www.umsuz.uz va www.myums.uz domenlarini ro`yxatdan o`tkazgani, yangi operatorning saytlari aynan shu domenlarda joylashishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

www.ums.uz domeni esa band bo`lib, u «Uyut Mebel Servis» MChJga tegishli edi. UMS aloqa operatori ochilishi haqida xabarlar paydo bo`lganidan beri odamlar adashib shu saytga kira boshlagan. Natijada sayt ko`rsatkichlari deyarli to`rt marta o`sib ketgan.

Shunigdek, mebel fabrikasiga avval tegishli bo`lgan ums.uz domeni Universal Mobile Systems tasarrufiga o`tgani, biroq yangi operator bu domenga hali o`z saytini ko`chirmagani va ushbu domenda haligacha «Uyut Mebel Servis» sayti joylashgani xabar berilgan edi.

Eslatib o`tamiz, «MTS-O`zbekiston» o`rniga tashkil qilingan UMS mobil aloqa operatori o`z tijoriy faoliyatini 2014 yil 1 dekabrdan boshlashi ko`zda tutilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1