5-10 aprel kunlari Termiz shahrida YuNESKO shafeligi ostida Birinchi Xalqaro baxshichilik san`ati festivali o`tkaziladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish to`g`risida”gi qaroriga asosan o`tkazilayotgan mazkur festivalda YuNESKO hamda AYSESKO singari xalqaro tashkilotlar, shuningdek, 76 davlatdan yuzdan ortiq ijrochilar, mutaxassis va olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etilmoqda.
Ayni paytda Termiz shahrida festival ishtirokchilari tantanali kutib olinmoqda. Shahar ko`chalari bayramona bezatilgan. Baxshichilik san`ati, umuman xalqimizning boy madaniy merosini o`zida aks ettiruvchi ko`rgazmali vositalar bilan bezatilgan.
Ma`lumki, baxshichilik san`ati ming yillardan buyon sharq xalqlarining asriy orzu-umidlarini o`zida mujassam etib keladi. Xususan, turkiy xalqlar og`zaki ijodida doston va laparlar, aytishuv va o`lanlar alohida o`rin tutadi. “Go`ro`g`li”, “Alpomish”, “Manas”, “Oshiq G`arib”, “Qirq qiz” singari dostonlar xalqlarimizning umumiy boyligi sanaladi. O`zbek, turkman, uyg`ur xaqlari doston va o`lan ijrochilari baxshilar deb atalsa, qozoq va qirg`izlar oqin, ozarboyjonlar oshiq, turklar ozanlar deb ataladi.

Bu xalqaro festivalning surxon zaminida o`tishi ham bejiz emas. Chunki, azaldan bu hudud o`zbek baxshichilik san`atining eng qadimiy o`choqlaridan sanaladi.
Baxshilarning xalqaro festivali ilk bor mamlakatimizda o`tkazilayotganini faxr bilan ta`kidlash lozim. Endilikda bu bayram har ikki yilda bir marotaba o`tkaziladi.

Tanlov g`oliblari Tashkiliy qo`mita tomonidan diplom, haykalcha va pul mukofoti— Gran-Pri 7 000, 1-o`ringa ( har bir yo`nalish bo`yicha: yakkaxon va jamoa) 5 000, 2-o`ringa ( har bir yo`nalish bo`yicha: yakkaxon va jamoa) 3 500, 3-o`ringa (har bir yo`nalish bo`yicha: yakkaxon va jamoa ) 2 500 AQSh dollari miqdorida mukofot beriladi. Ijrochilar “Eng yosh baxshichilik san`ati ishtirokchisi”, “Muxlislar e`tirofiga sazovor bo`lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg`u ijrochisi” kabi nominasiyalar bo`yicha ham pul mukofotlari va maxsus diplomlar bilan taqdirlanadilar.
Festival munosabati bilan juda katta hajmdagi qurilish, rekonstruksiya, obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Termiz aeroportining yangi binosi qurib bitkazildi, Alpomishning haykali mukammallashtirilgan holda san`at saroyi binosi yaqiniga o`rnatildi. San`at saroyi hududida tomoshabinlar uchun yig`ma va asosiy amfiteatr barpo etildi. Ko`cha va xiyobonlar, ko`p qavatli ko`plab turar-joy binolari joriy ta`mirlandi. Festivalga oid panno va reklamalar, suratlar, elektr nuri bilan uzatiladigan yozuvlar o`rnatildi. Baxshichilik san`atiga oid turli ko`rgazmalar tayyorlandi, milliy sozlar, liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san`at asarlari, haykaltaroshlik namunalari festivalga taxt qilindi.
– Festival ishtirokchilari uchun o`zbek, ingliz va rus tillarida 37 turdagi turistik maskanlar bukletlari, baxshichilik san`atiga bag`ishlangan risola va Termiz shahrining sayyohlik xaritasi tayyorlandi. Viloyat tarixi va madaniyatiga oid 2 ta kitob, 6 turdagi buklet, “Ko`hna Termiz”,”Zamonaviy Termiz” hamda baxshilar to`g`risida fotoalbomlar chiqarildi, – deydi festivalni yoritish bo`yicha bo`yicha matbuot markazi raisi Laziz Tangriev. vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo`javea. – . Baxshi Shoberdi Boltaevning “Malla savdogar”, Abdunazar Poyonovning “Oltin qovoq”, Umir shoir va Avliyoqul Mardonaqul o`g`lining “Alpomish” dostoni 1000 nusxadan bosilib chiqdi. Fayoztepa, Kampirtepa, Sulton Saodat va Al Hakim at Termiziy maqbarasi kabi tarixiy obidalar qayta ta`mirlandi. Xullas, xalqaro baxshichilik san`ati festivalining yuksak saviyada o`tishi uchun barcha choralar ko`rildi.






