“2011 yil mart oyida pensiyaga chiqdim. Umumiy ish stajim 35 yilni, shundan uzluksiz staj 31 yilni tashkil etdi. Ikki nafar farzandim bor, birinchisi 1975 yilda tug`ilgan va shundan so`ng menga 72 kun sog`liqni tiklash ta`tili berilgan. Ikkinchisi 1984 yilda tug`ilgan. Men tug`ruq ta`tiliga deyarli chiqmaganman. Tug`ruqdan so`ng 70 kun sog`liqni tiklash ta`tili olganman. Pensiyani hisoblaganda menga 1 yilu 6 oy qo`shishdi. Qonun bo`yicha bola parvarishlash davri qancha bo`lishi kerak?”
T.Konovalova,Buxoro viloyati
Shuhrat O`TAGANOV, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi ijroiya apparatining pensiyalarni tayinlash va fuqarolarning murojaatlarini ko`rib chiqish uslubiyati bo`limi boshlig`i:
— “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasi “j” bandiga muvofiq, bola 3 yoshga to`lguncha bolani parvarishlash ta`tillarida bo`lish vaqti hammasini jamlaganda ko`pi bilan 3 yildir. Masalan, agar ishlovchi ayollar 30 yillik ish stajiga ega bo`lsa, shuning ichida umumiy hisobda uch nafar bola parvarishi uchun 8 yil ta`tilga chiqqan bo`lsa, unga pensiya tayinlash uchun ish staji jami 25 yil deb belgilanadi (30 yil – 8 yil+3 yil=25 yil).
Bola parvarishi ta`tilida bo`lgan davr (shu jumladan, haq to`langan davr) imtiyozli yoshga doir pensiya olish huquqini beruvchi maxsus ish stajiga kiritilmaydi.
Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi Nizomning 66-bandiga muvofiq, bolani parvarishlash ta`tilida bo`lish vaqti bolani parvarishlash ta`tili berilishi va undan qaytish to`g`risidagi buyruqlarning nusxalari ilova qilingan holda tashkilot tomonidan berilgan, bolaga qaralgan vaqtni tasdiqlaydigan ma`lumotnomalar asosida belgilanadi.
Bolani parvarishlash ta`tilida bo`lish vaqti bolani parvarishlash ta`tili berilishi va undan qaytish to`g`risidagi ma`lumotnomalar yoki buyruqlar mavjud bo`lmaganda, shuningdek, buyruqlarda zarur yozuvlar bo`lmaganda yoki bolani parvarishlash ta`tilida bo`lganlik davrlari to`g`risida noto`g`ri va noaniq yozuvlar bo`lganda, ushbu davr uchun oylik ish haqi to`g`risidagi ma`lumotnoma bolani parvarishlash ta`tilida bo`lganlik davrining tasdig`i sifatida qabul qilinadi.
Arxiv tomonidan tasdiqlangan yuqorida ko`rsatib o`tilgan hujjatlar mavjud bo`lmaganda bolani parvarishlash ta`tilida bo`lish davri quyidagi davrlarni tashkil etadi:
1 yil — 1971 yil 1 yanvardan 1983 yil 1 noyabrgacha tug`ilgan bola uchun;
1,5 yil — 1983 yil 1 noyabrdan 1990 yil 1 iyulgacha tug`ilgan bola uchun;
3 yil — 1990 yil 1 iyuldan keyin tug`ilgan bola uchun.
Ko`rsatib o`tilgan hollarda bolani parvarishlash ta`tili boshlangan sana sifatida homiladorlik va tug`ish ta`tili tugagan sana qabul qilinadi.