1

Termiz xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga tayyor

Madaniyat 05.04.2019, 11:27
Termiz xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga tayyor

5-10 aprel kunlari Termiz shahrida YuNESKO shafeligi ostida Birinchi Xalqaro baxshichilik san`ati festivali o`tkaziladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish to`g`risida”gi qaroriga asosan o`tkazilayotgan mazkur festivalda YuNESKO hamda AYSESKO singari xalqaro tashkilotlar, shuningdek, 76 davlatdan yuzdan ortiq ijrochilar, mutaxassis va olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etilgan.

Ayni paytda yurtimizning turli hududlaridan kelgan baxshilar, folklor jamoalari, el tanigan san`atkorlar o`z san`atlarini namoyish etadilar. Fursatdan foydalanib, anjuman ishtirokchilaridan ayrimlarini suhbatga tortdik.

– Yurtimizda ilk bor xalqaro baxshichilik san`ati anjumani o`tayotgani mening hayotimdagi eng muhim hodisalardan biri bo`ldi, - deydi O`zbekiston Xalq baxshisi, surxondaryolik Qora baxshi Umirov. – Etti avlodim baxshi o`tgan. Ota-bobolarim o`nlab dostonlarni yoddan bilishgan. Men ham 40 dostonni bilaman. Umrimning katta qismi sovet tuzumi yillarida o`tdi. Qancha-qancha baxshilar ta`qib qilingani, hatto qatl etilganiga guvoh bo`ldim. Men ham baxshi bo`lganim uchun partiyadan o`chirishdi. Maktabda direktor bo`lib ishlardim, ishdan bo`shatishdi. Yaratganga shukur, baxtli kunlarni ko`rish peshonamizda yozilgan ekan. Mustaqillik yillarida biz – baxshilarning ham ko`ksiga kun tegdi. Xalq bashisi unvoni joriy qilindi. Prezidentimizning tashabbusi bilan Surxon elida dunyo baxshilarining anjumani o`tkazilayotgani xalqimizning madaniy hayotida ham katta voqea bo`ladi.

–Dostonlar har bir xalq donishmandligining bebaho boyligi sanaladi, - deydi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rahmatjon Qurbonov. – Birgina “Go`ro`g`li” dostonini olaylik. Bu doston nafaqat qo`shni o`lkalarda, balki Hindistonda ham, Afg`onistonda ham, Gruziya, Ozarboyjon, Armaniston singari davlatlarda ham kuylanadi. O`zbekistonning o`zida ham uning bir qator talqinlari bor. Masalan bu dostonda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqandda boshqacha kuylanadi. Xorazmda ham uni ziga xos talqinda ijro etishadi. Mazkur anjuman Sharq xalqlarining asriy an`analarini o`rganish, shu jumladan o`zbek xalq ozaki ijodini targ`ib etishda ham katta qadam bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1