Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi “Chashma” ziyoratgohi yaqinida bolalar o‘ynashi uchun mo‘ljallangan batut shamolda uchib ketgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Nurota tumani hokimligi munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, kecha, 27 aprel kuni soat 14:47 da tumanning “Shahriston” MFY hududida joylashgan “Chashma” tarixiy-me’moriy majmuasi hududida kuchli shamol oqibatida tadbirkorga tegishli bo‘lgan batut inshooti o‘z joyidan siljib, avtomobil yo‘liga ko‘chib tushgan.
Yuqoridagi hodisa oqibatida 1 dona tungi yoritgich ustuni shikastlangan. Voqea tufayli fuqarolar va yosh bolalar tan jarohati olmagan.
Shuningdek, avtotransport vositalariga ham zarar yetmagan. Hokimlik hozirda holat to‘liq o‘rganilib, bunday noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.