Mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalaridan saralab olingan 57 nafar iqtidorli talabalar uchun ilk marotaba joriy yilning 1 aprelidan boshlab “O`zbekiston – sehrli diyor!” ichki turizm loyihasi tashkil etildi. Bu haqda Oliy va o`rta-maxsus ta`lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha doirasida talabalarga xorijiy tillar, nutq madaniyati, vokal va xoreografiya yo`nalishlarida mahalliy va xorijlik professor-o`qituvchilar tomonidan mahorat darclari tashkil etilmoqda.

Talabalar dunyoqarashini yanada kengaytirish va yurtimiz tarixiga oid bilimlarini oshirish maqsadida “O`zbekiston – sehrli diyor!” shiori ostida yurtimiz bo`ylab sayohat tashkil etildi.
Faol va tashabbuskor talabalar guruh murabbiylari bilan birgalikda joriy yilning 4 aprelidan boshlab Samarqand (4-6 aprel), Buxoro (7-9 aprel), Xorazm (10-12 aprel) va Farg`ona (15-16 aprel) viloyatlari bo`ylab sayohat qiladilar.
Sayyohat yakunida har bir talaba qadimiy obida yoki tarixiy yodgorlik majmuasi haqida taqdimot tayyorlab, hakamlar hay`atiga taqdim etadi. Loyihada faol ishtirok etgan talabalar sertifikat bilan taqdirlanadi.







