Mo`ynoq tumanidagi «Orol» stadionining ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev sportni ommalashtirishga qo`shgan hissasi uchun bir guruh murabbiylar, sportchilar va sport fidoiylarini «Jismoniy tarbiya va sport a`lochisi» ko`krak nishoni bilan taqdirladi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining rasmiy telegram kanali xabar berdi.
Taqdirlanganlar orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jismoniy madaniyat fakulteti jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri Azat Kazakov hamda ushbu fakultetning xotin-qizlar sporti yo`nalishi 3-bosqich talabasi Gulayim Jumabaevalarga ham ko`krak nishoni topshirildi.
Azat Kazakov - Qoraqalpog`istonda xizmat ko`rsatgan murabbiy, O`zbekiston sport faxriysi, sport ustasi. G.Jumabaeva dzyudo, milliy kurash va sambo bo`yicha sport ustasi, dzyudo bo`yicha Toshkent gran-prisi g`olibasi, Osiyo kubogi sovrindori hisoblanadi.