1

Janubiy Koreya terma jamoasi va koreys OAVlari Valentin Kovalenkodan norozi

Sport 20.11.2014, 08:58
Janubiy Koreya terma jamoasi va koreys OAVlari Valentin Kovalenkodan norozi

"Bugun hakam o`yinni butunlay buzib tashladi. Biz butun o`yin davomida ustunlik qildik, ammo o`yin oxirida hakam barchasini barbod qildi. Kelayotgan Osiyo Kubogida biz eng kuchli jamoa ekanligimizni isbotlash niyatidamiz" (Son Xyung Min, "Bayer Leverkuzen").

"Mehmonxona, mashg`ulot maydonlarining qoniqarsiz ahvoldaligi Eronga xos doimiy muammo. Uchrashuv hakami haqida esa gapirib o`tirmayman. Buni hamma ko`rdi" (Ki Song Yong, "Suonsi").

Bu 18 noyabr kuni Tehrondagi ma`lumu mashhur "Ozodiy" o`yingohida kechgan Eron va Janubiy Koreya terma jamoalari o`rtasidagi o`rtoqlik o`yinidan keyin koreyslarning etakchi futbolchilari bildirgan fikrlardan parcha edi. Bu o`yin ikkala terma jamoa uchun o`rtoqlik uchrashuvi maqomidan ham yuqoriroq turishini o`yinoldi matbuotdagi chiqishlardan sezish qiyin emasdi. Koreyslar o`tgan yili JCh saralash bosqichidagi ikkala o`yinda ham uchralgan mag`lubiyat alamini olish ishtiyoqida bo`lsalar, mezbonlar koreyslardan ustun ekanliklarini yana bir karra isbotlashlarini aytib o`tishdi. Hattoki, forslar bosh murabbiyi Karlos Keyrush o`tgan yili Janubiy Koreya terma jamoasi sha`niga aytgan achchiq gaplari uchun uzr so`ragan ham bo`ldi. Koreyslar 1974 yildan buyon Tehronda g`alaba qozona olishmaganligiga ishora qilib, germaniyalik murabbiy Uli Shtilike bu noxush an`anaga nuqta qo`yishini aytdi. O`rtoqlik uchrashuvini o`zbekistonlik Valentin Kovalenko boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib borishi ma`lum qilindi.

O`yin judayam ehtiroslarga boy tarzda o`tdi. Ikkala jamoa ham qator xavfli vaziyatlarni amalga oshira olishdi. Risoladagidek ketayotgan o`yinning 82-daqiqasida bahsli gol koreyslar darvozasidan joy oldi. Jarima zarbasidan keyin to`p darvoza ustuniga tekkan holda qaytayotgan bir paytda Serdar Azmun boshi bilan to`pni darvozaga kiritdi. Ushbu vaziyat butun Koreya terma jamoasi zaxira o`rindig`iyu OAVlarini oyoqqa turg`izib yubordi. Forslar futbolchisi darvozabonga nisbatan o`yin qoidasini buzganligini bot-bot takrorlarkan, golni bekor qilishga chaqiruvlar yangradi. Ammo Kovalenko qarorini o`zgartirmadi va eronliklar bunday vaziyatda g`alabani qo`ldan chiqaradigan jamoa emasdi.

O`yindan keyingi matbuot anjumanida koreyslar murabbiyi Uli Shtilike darg`azab holatda edi. "Bugungi hakamlikdan juda noroziman", deya gap boshlarkan, "Birinchi bo`limda Son Xyung Minga berilgan sariq kartochkaga mutlaqo e`tirozim yo`q. Ammo Eron futbolchilari birinchi taymda 20 marta o`yin qoidasini buzgan bo`lsalar-da, hakamlar sukut saqlashdi. Bu ham etmagandek hakamning tushunarsiz qarori ortidan gol ham o`tkazib yubordik. Hakamlar bu holatda to`g`ri qaror chiqarishmadi. Biz Osiyo Kubogida yaxshi natijaga umid qilyapmiz va yuqori saviyali hakam boshqaruvida Eron bilan qaytadan bellashib ko`rishni istaymiz. Birinchi bo`limda 1-2 vaziyatni hisobga olmaganda Eronga o`yin bermadik va men shogirdlarimning o`yinidan qoniqdim", dedi.

Bunga munosabat bildirarkan Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlos Keyrush esa qisqagina qilib: "Toza gol edi. Koreyslar murabbiyi hakamning xatosi deyotgan bo`lsa - bu uning fikri", dedi.

Shu kuni Koreyaning deyarli barcha OAVlarida hakamning xatti-harakatlari salbiy baholangan chiqishlarga ko`zimiz tushadi. Shunday bo`lsa-da "Sports Kyonghyang" nashri orqali Koreyaning 3 nafar ismi sir saqlangan xalqaro hakamlari intervyu berishdi va gol kiritilgan vaziyatda o`zbekistonlik hakam to`g`ri qaror chiqarganligini ta`kidlashgan.

Manba: www.stadion.uz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1