AsosiyJamiyat

Hindistonda O`zbekiston turizmi elchisining «Farg`ona jozibasi» liboslar kolleksiyasi namoyish etildi

'Hindistonda O`zbekiston turizmi elchisining «Farg`ona jozibasi» liboslar kolleksiyasi namoyish etildi'ning rasmi

Joriy yilning 5-7 aprel kunlari Dehli shahrida “The Delhi Times Fashion Week-2019” modalar haftaligi bo`lib o`tdi. Liboslar taqdimotida hindistonlik madaniyat arboblari, diplomatik korpus vakillari, atoqli modellar va kinoyulduzlar ishtirok etdi. Bu haqda Turizni rivojlantirish qo`mitasi rasmiy saytida qayd etilgan.

Haftalikda oldin xabar berganimiz, O`zbekistonning Hindistondagi madaniyat va turizm elchisi, mashhur hind dizayneri Ritu Beri o`zining «Farg`ona jozibasi» deb nomlangan maxsus O`zbekistonga bag`ishlangan kolleksiyasini namoyish qildi.

Ritu Beri mazkur tadbir uchun O`zbekistondan keltirilgan xonatlas, adras va boshqa an`anaviy gazlamalardan foydalangan holda eksklyuziv liboslar to`plamini taqdim etdi. Namoyish tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan iliq kutib olindi.

«Mazkur eksklyuziv taqdimotga o`zgacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko`rdik. Taqdim etilgan liboslarida o`zbek va hind milliy an`analarini uyg`unlashtirgan holda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tarixiy do`stona aloqalar, madaniy yaqinlikni aks ettirishga harakat qildik», - deydi dizayner.

«O`zbek milliy gazlamalarining yorqin jihatlarni o`zida aks ettirgan bugungi taqdimot ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Bugun O`zbekistonning ulkan va serrqirra madaniy salohiyatini o`zim uchun kashf qildim», - deya taassurotlari bilan o`rtoqlashdi mashhur hind aktrisasi Divya Xosla Kumar.

Bu kabi tadbirlar O`zbekistonning madaniy salohiyatini keng targ`ib etish, mamlakatlari o`rtasidagi do`stona aloqalarni mustahkamlash bilan birga, yurtimizga hindistonlik sayyohlar oqimini ko`payishiga ham xizmat qiladi.


    Boshqa yangiliklar