AsosiyJamiyat

“O`zbekiston baxshilari” nomli kitob-albom festivalga munosib tuhfa bo`ldi

'“O`zbekiston baxshilari” nomli kitob-albom festivalga munosib tuhfa bo`ldi'ning rasmi

O`zbek xalqining dostonchilik san`ati jahon xalqlari og`zaki badiiyati chamanida o`z nufuzi, mavqeiga ega bo`lgan betakror so`z san`atidir.

Ma`lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018 yilda Termiz shahrida “Baxshilar maktabi” tashkil etildi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad iste`dodli yoshlarni kashf etish, o`sib kelayotgan yosh avlodni xalq og`zaki ijodining boy xazinasi bilan yaqindan tanishtirish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashdan iborat.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish to`g`risida”gi qarori ana shu noyob san`atimizni dunyoga tarannum etish uchun berilgan ulkan imkoniyat, beqiyos g`amxo`rlik namunasidir.

Milliy dostonchilik va baxshichilik san`atini yanada rivojlantirish yosh avlod qalbida ushbu san`at turiga hurmat va muhabbat tuyg`usini kuchaytirish, turli xalqlar o`rtasidagi ijodiy hamkorlik, do`stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur festivalga qizg`in tayyorgarlik ko`rilib, ko`tarinki ruh va yuqori saviyada o`tkazilmoqda.

Xalqaro festival doirasida o`tkazilayotgan ko`rik-tanlov va turli ko`rgazmalar, baxshichilik san`atining jahon sivilizasiyasidagi o`rniga bag`ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.

“O`zbekiston” NMIU tomonidan “O`zbekiston baxshilari” nomli kitob albomining nashr etilishi mazkur xalqaro festivalga o`zgacha tuhfa bo`ldi, desak yanglishmaymiz. Yurtimizda yashab ijod etgan baxshi-shoir va oqinlarning ijodi, ular ijro etgan termalardan namunalar va fotosuratlari jamlangan mazkur albomda Ergash Jumanbulbul o`g`li, Fozil Yo`ldosh o`g`li, Bola baxshi, Islom Shoir Nazar o`g`li, Qodir baxshi Rahim o`g`li kabi 10 ga yaqin ustoz baxshilar, Shoberdi Boltaev, Qahhor Rahimov, Qora baxshi Umirov, Abdunazar Poyonov, Etmishboy Abdullaev, Gulbahor Aqimbetova kabi 20 dan ortiq mustaqillik yillarida “O`zbekiston xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan baxshilar hamda ustozlaridan doston aytish sir-asrorlarini o`rganib, yosh bo`lsada ko`plab yutuqlarga erishayotgan Feruz Normatov, Ilhom Norov, Janibek Piyazov, Lola Mahammaddinova, Salamat Ayapov kabi 5 nafar baxshichilik san`atining navnihollari haqida to`liq ma`lumotlar o`rin olgan. Mazkur albom taqdimoti xalqaro festival doirasida xorijiy va mahalliy olimlar ishtirokida o`tkazilayotgan ilmiy-amaliy anjumanda bo`lib o`tadi.

O`z iste`dodi va ijodi bilan ma`naviyatimizni tiklash, o`zligimizni anglash, yoshlarni o`z oilasi va yurtiga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalash yo`lida xizmat qilayotgan baxshilar ijodini chuqur o`rganish, davr tahririga uchrab, goh yashnab, goh yasharib, o`zining go`zal shakllari va teran mazmuni bilan bizgacha etib kelgan ushbu boy merosni asrab-avaylash va keng targ`ib etish barchamizning burchimizdir.

“O`zbekiston” NMIU Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar