Bugungi kunda mamlakatimizda 30 yoshgacha bo`lgan yosh oilalar soni 2 milliondan ortiq. Butun dunyoda sodir bo`layotgan oilaviy munosabatlardagi inqiroz davrida jamiyatimizda oilalar mutahkamligini asrash, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy og`ir holatdagi yosh oilalarni qo`llab-quvvatlash, yosh oilalar o`rtasidagi ajrimlarning oldini olish muhim omil hisoblanadi. Turli jamoat tashkilotlari qatori O`zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida ham yosh oilalarni qo`llab-quvvatlash, yoshlarni ongli ravishda oilaga tayyorlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
2019 yilning birinchi choragi davomida Respublika bo`yicha yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, yosh oilalar o`rtasida ajrimlarning oldini olish, yoshlar o`rtasida erta tug`ruq va erta turmushning oldini olish maqsadida 66,3 mingdan ortiq yoshlar ishtirokida 550 dan ortiq targ`ibot tadbirlari o`tkazildi. O`tkazilgan targ`ibot tadbirlari davomida malakali psixologlar ishtirokida “Psixologik qabulxona”lar tashkil etildi. Unda 4 ming 351 nafar yoshlar qabul qilinib, ularda aniqlangan 2 ming 837 ta muammolardan 2 ming 473 tasi (87,1%) hal etilib, psixologik tavsiyalar berildi. Ijtimoiy-iqtisodiy og`ir holatdagi 2 ming 377 ta yosh oilalarga psixologik ko`mak, 1 ming 519 ta yosh oilalarga huquqiy ko`mak ko`rsatildi.
Notinch va muammoli, ayniqsa og`ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan yosh oilalar bilan o`tkazilgan individual suhbatlar, targ`ibot tadbirlari, ijtimoiy-iqtisodiy og`ir holatdagi yosh oilalarga ko`rsatilgan psixologik va huquqiy ko`mak natijasida 2019 yilning birinchi choragida 687 ta ajrim yoqasidagi yosh oilalar yarashtirildi hamda ijtimoiy-iqtisodiy og`ir holatdagi 844 ta yosh oilalarga ko`mak berildi.
Nikohdan o`tish arafasidagi yoshlarni mustahkam va sog`lom oila qurishga tayyorlash maqsadida poytaxtimizdagi “Yoshlar press-klubi”da FHDYoga ilk marotaba nikohdan o`tish uchun ariza bergan yoshlar uchun “Mustahkam va sog`lom oilani barpo etamiz! shiori ostida Toshkent shahar konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda Toshkent shahar hokimligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, FHDYo, “Oila” markazi vakillari, “Qizlarjon” klubi a`zolari, nikohdan o`tish uchun ariza bergan yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
— Oila halol iymon va vijdon bilan yaratiladi. Er-xotin oilaning buyuk xazinasi. Ular turmushini halol mehnat bilan to`ldirsa, chinakam baxtga etishadi, nopoklikka bo`yin cho`zsa, parokandalikkayuz tutadi, – deydi falsafa fanlari doktori, psixolog Jamila Shermuhammedova.
Konferensiya davomida tajribali psixologlar, yuristlar, Toshkent shahar imom-xatibi yoshlar bilan individual va jamoaviy tarzda ochiq muloqot qilishdi.
— Mustahkam va sog`lom oila turmush o`rtog`ini tanlash bilan boshlanadi, – deydi “To`lqin Akrom o`g`li” jome` masjidi imom xatibi Sahobiddin Satimov. — Nikoh ikki yosh o`rtasida tuzilar ekan, oilaviy munosabatlarni faqat er-xotinning o`zi hal qilmog`i lozim. Boshqalar salbiy aralashuvi bilan bir oilaning darz ketishiga sabab bo`lmasligi kerak.
Farzand tarbiyasi, oila mustahkamligi uchun asos bo`ladigan ma`naviy-axloqiy qarashlarni o`zida aks ettirgan 10 ta ijtimoiy rolik namoyishi bo`lg`usi kelin-kuyovlar dunyoqarashiga ijobiy ta`sir ko`rsatdi. Yosh oilalar vakillari ishtirokida o`tkazilgan treninglar ham kutilgan natijani berdi. Individual tashkil etilgan “Psixologik qabulxona” esa yoshlarni bir-birining xarakteri va dunyoqarashini yaxshiroq anglashi uchun zamin yaratdi. “Yuridik qabulxona”da esa yosh kelin-kuyovlar oilaviy munosabatlarning huquqiy asoslari haqida batafsil ma`lumotlarga ega bo`lishdi. Yosh oila vakillari uchun zarur bo`lgan badiiy va ommabop kitob, risolalarning ko`rgazmasi va savdosi ham yig`ilganlarni uchun ayni muddao bo`ldi.
Ushbu konferensiya aprel-may oylari davomida respublikaning barcha hududlarida tizimli ravishda o`tkaziladi.
Shahnoza Nurullaeva






