1

«Bunyodkor» - «Dinamo» 0:1 yoxud Oliy liganing eng kutilmagan etti natijasi

Sport 21.11.2014, 12:32
«Bunyodkor» - «Dinamo» 0:1 yoxud Oliy liganing eng kutilmagan etti natijasi

Yakunlangan milliy chempionatimizda bir qator kutilmagan natijalar qayd etildi. Ushbu bahslarni sarhisob qilgan «Erudit Sport» nashri ular orasida ettita o`yinni tanlab oldi.

Biz uchun e`tiborlisi, ushbu bahslar orasidan Toshkentda bo`lib o`tgan «Bunyodkor» - «Dinamo» (0:1) uchrashuvi ham o`rin olgan. Qayd etish joiz, so`nggi soniyalarda kiritilgan o`sha gol «Dinamo»ga 2013 yilgi chempion «Bunyodkor» ustidan ilk marotaba g`alaba keltirgandi.
8-tur: «Nasaf» – «Bunyodkor»-2:0
Qarshida kechgan ushbu uchrashuv barchaning diqqatini o`ziga qaratgandi. “Nasaf” va “Bunyodkor” jamoalarining qarama-qarshiligi doim jiddiy tus olgan. Bu safargi to`qnashuv ham bundan mustasno emas. E`tiborlisi shundaki, “Bundyokor” ushbu turgacha hali mag`lubiyatga uchramagandi. 10-daqiqada Ilhom Yunusov va 78-daqiqada Ilhom Shomurodov tomonidan kiritilgan gollarga “Qaldirg`ochlar”dan hech kim javob bera olmadi va shu tariqa ular mavsumdagi ilk mag`lubiyatini tan olishga majbur bo`lgandilar.
15-tur: «Nasaf» – «Lokomotiv»-2:5
Qizig`i shundaki, qarshiliklar safarda beshta gol urishgan bo`lsa, keyingi turda o`z uyida ana shuncha to`pni o`tkazib yuborishdi. “Lokomotiv”ni qabul qilgan “Ajdarlar” kutilmaganda 2:5 hisobida mag`lubiyatga uchrab, barchaning ajablanishiga sabab bo`lgandi. U paytda ikkala jamoaning chempionlikka etarlicha imkoni bor edi. Shuning uchun o`yin ancha jangovor tarzda kechgandi. “Lokomotiv” futbolchilarning individual mahorati va albatta asosiysi, omad tufayli g`alabaga erishdi.
16-tur: «Mash`al»: – «Andijon»-6:1
Muborakda kechgan o`yinda 6:1 hisobi qayd etildi. Tartibli o`yin ko`rsatishi bilan nom qozongan “Mash`al” futbolchilari andijonliklarga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Garchi Aziz Ibragimovning golidan so`ng mehmonlar hisobda oldinga chiqib olishgan bo`lishsa-da, keyinchalik o`z darvozalaridan birin-ketin oltita to`p o`tkazib yuborishdi. Bu yilgi chempionatimizdagi eng yirik hisob aynan “Mash`al” – “Andijon” uchrashuvidagi 6:1 hisobi bo`ldi.
17-tur: «Bunyodkor» – «Dinamo»-0:1
Toshkentdagi Jar stadionida bo`lib o`tgan mazkur uchrashuv chindan ham kutilmagan natija bilan yakunlangandi. Butun o`yin davomida “Bunyodkor” tashabbusga erishib, ko`plab golli imkoniyatlarga ega bo`lganiga qaramasdan, “Dinamo”chilar hakam tomonidan qo`shib berilgan so`nggi daqiqada Azamat Bobojonovning jarima zarbasi gol bilan intiho topgach, o`ta qimmatli g`alabani qo`lga kiritishgandi. O`shanda Tachmurod Agamurodovning “Dinamo”dagi dastlabki murabbiylik o`yini edi. Tajribali mutaxassisning taktikasi o`zini oqlaganini ushbu natjadan ham bilsa bo`ladi.
18-tur: «Lokomotiv» – «Bunyodkor»-1:2
Sergey Lushan shogirdlari o`z maydonida “Dinamo”ga imkoniyatni boy berishgach, navbatdagi turda asosiy raqiblaridan biri – “Lokomotiv” qarshi to`p surishiga to`g`ri keldi. Ko`pchilik “Dinamo”ga yutqazgach, “Bunyodkor”ning mag`lubiyatini taxmin qilishgandi. Lekin o`shanda “Qaldirg`ochlar” matonat bilan to`p surishdi va haqli ravishda g`alaba qozonishdi. Ular “Dinamo”dan uchralgan mag`lubiyat tasodif ekanligini isbotlay olishgandi. Yakunda ushbu mag`lubiyat “Lokomotiv”ga qimmatga tushdi.
19-tur: «So`g`diyona» – «Navbahor»-5:4
Zominda “So`g`diyona” hamda “Navbahor” klublari ishtirokidagi bellashuvda gollar shousi kuzatilgan bo`lib, unda maydon egalari 5:4 hisobida ustunlikka erishgandi. Lekin bunchalik ko`p gol bo`lishini ko`pchilik kutmagan bo`lsa, ajab emas. Shundan keyin jizzaxliklar yana o`z uyida “Metallurg” bilan ham xuddi shunday natijani qayd etib, g`alaba qozongach turli gap-so`zlar paydo bo`ldi. Nima bo`lganda ham “So`g`diyona”ning 5:4 hisobidagi g`alabasi ajablanarli edi.
20-tur: «Lokomotiv» – «Paxtakor»-1:3
Chempionlik taqdirini hal qilgan o`yin. Uchrashuvdan avval turli bahs-munozaralar bo`lgandi. Yakunda “Paxtakor” barcha masalaga uzil-kesil nuqta qo`ydi. “Lokomotiv” o`z uyida o`ynagani uchun uning imkoniyatlarini yuqori baholaganlar ko`p bo`ldi. Ammo jamoaviy o`yin bo`yicha “Paxtakor” raqibidan ustun ekanligini amalda isbotlay oldi. Aynan mazkur g`alabadan so`ng “Paxtakor”ning chempionligi oydinlashdi va tez orada “Sherlar” buni rasmiylashtirishga erishdilar.

Manba: www.fcdinamo.uz   

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1