AsosiyJamiyat

Janubiy sarhadlarimizda hamkorlikda o`tkazilgan jangovar mashg`ulotlar yakunlandi

'Janubiy sarhadlarimizda hamkorlikda o`tkazilgan jangovar mashg`ulotlar yakunlandi'ning rasmi

Kecha, 18 aprel kuni Surxondaryo viloyatida 16 aprelda boshlangan O`zbekiston Qurolli Kuchlari kuch tuzilmalarining hamkorlikdagi qo`mondonlik-shtab mashg`ulotining yakuniy — asosiy bosqichi bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kun davomida o`quv-jangovar mashg`ulotlar uchta nuqatada — “O`zbekiston—Turkmaniston—Afg`oniston”, “O`zbekiston—Tojikiston—Afg`oniston” chegaralari tutashgan hududda hamda “Xayraton” ko`prigida o`tkazildi.

O`quv-jangovar harakatlar mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari — Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig`i general-mayor Pavel Ergashev hamda Davlat xavfsizlik xizmati raisi o`rinbosari – Chegara qo`shinlari qo`mondoni general-mayor Ruslan Mirzaevning bevosita rahbarligi ostida muvofiqlashtirildi.

Jangovar operasiyalar ssenariysiga ko`ra, O`zbekiston chegarasini shartli noqonuniy qurolli guruhlar tomonidan buzib o`tish holatini tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko`rildi. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari hududiy bo`linmalari ularga qarshilik ko`rsatish bilan birgalikda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalariga, xususan, Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugi qo`shinlariga tegishli signal berildi. Operasiya rejasiga muvofiq xavfni bartaraf etish uchun qo`shinlar tezkor jangovar shay holatga keltirildi.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining kuch va texnika vositalari ishtirokida shartli jangarilar kirib kelgan hudud harbiy texnikalar yordamida o`rab olindi hamda ular turli qurollardan jangovar o`t ochish orqali yo`q qilindi. Maxsus guruhlar Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy vertolyot yordamida voqea joyiga etkazildi va hudud sinchkovlik bilan tekshirildi. Chegara qo`shinlariga qarashli katerlar orqali quruqlikdagi “dushman”ga zarba berildi.

Shundan so`ng, hududda uchuvchisiz uchish qurilmalari hamda boshqa texnika vositalari yordamida tozalash va kuzatish ishlari amalga oshirildi.

    Boshqa yangiliklar